Andijonda o‘qituvchilar tungacha maktabda olib qolinib, diskoteka uyushtirilyapti

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda o‘qituvchilar yarim kechasigacha qolib, turli xil tadbirlarda qatnashishi talab qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan izoh olish uchun QALAMPIR.UZ muxbiri Andijon viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi matbuot kotibi bilan bog‘landi. 

Unga ko‘ra, mahallalardagi uyushmagan yoshlarning vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida maktablarda kechasi diskoteka va boshqa turli xil tadbirlar tashkil qilinmoqda.

“Maktablar 24 soat ochiq va turli xil tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bundan maqsad – uyushmagan yoshlarning vaqtini mazmunli o‘tkazish. Diskotekaga keladigan bo‘lsak, bu majburiy emas. Mahalladan istaganlar chiqib, turli xil tadbirlar o‘tkazmoqda, xohlasa sport bilan shug‘ullanadi. Biz esa ularga sharoit yaratib beryapmiz”, deydi matbuot kotibi. 

Aytish joizki, ushbu holatga Oliy Majlis Qonunchilik patalasi deputati Rasul Kusherboyev ham munosabat bildirgan. 

“Normal jamiyatdagi odam kechasi 22:00 da o‘z uyida, oila davrasida bo‘ladi.

Lekin Andijon viloyatining qator tumanlaridan kelayotgan murojaatlarda aytilishicha, maktablarda kunduzi yetmagandek, kechasi ham o‘quvchi va uyushmagan yoshlarning vaqtini mazmunli tashkil etish uchun to‘garak va boshqa tadbirlar tashkil qilish talab qilinmoqda ekan. Kompyuter o‘yinlari o‘ynash, sport bilan shug‘ullanish, kitob o‘qish, film tomosha qilish, diskoteka va hokazo”, deydi Kusherboyev. 

Deputatning qayd etishicha, o‘qituvchilardan maktabda ertalabdan kechgi 22:00 gacha bo‘lish talab etilmoqda.

“Mayli jiddiy bo‘laylik: bu  ko‘zbo‘yamachiliklar kimga, nima uchun kerak o‘zi, tushuntiradigan bormi?”, deb mas’ullarga yuzlanadi deputat Kusherboyev.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

975

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing