Andijonda o‘qituvchilar bosh egib uzr so‘ragani aytilmoqda. Vazir buni siyosatga qarshi harakat deb atadi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqda Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchilar o‘quv muassasada ta’lim sifati, o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar oldida tik turib kechirim so‘rashga majbur qilingani haqida xabarlar va o‘qituvchilarning maktab faollar zali sahnasida bosh egib turgani aks etgan surat tarqaldi. Mazkur holat tarmoqda keng muhokamalarni keltirib chiqardi. 

Jamoatchilikni jumbushga keltirgan voqeaga O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov munosabat bildirib, bu davlat siyosatiga qarshi harakat ekanini aytdi. 

“Bugun Marhamat tumanida yuz bergan holatni nafaqat o‘qituvchilarimizning sha’nini yerga urish, balki davlatimiz siyosatiga qarshi amalga oshirilayotgan harakat deb baholayman.  

O‘qituvchi qadrlanmagan yurt hech qachon taraqqiy etmaydi. Shu bois bugun davlatimiz rahbari o‘qituvchilarni ulug‘lash va jamiyatda eng obro‘li inson qilish masalasini davlat siyosatining eng yuqori darajasiga olib chiqdilar”, deydi vazir.

U bu xatti-harakatga bosh-qosh bo‘lgan aybdorlar, albatta, jazolanishi kerakligini urg‘uladi va o‘qituvchilarga yuzlandi:

“Bu harakat qanday maqsadda amalga oshirilgani menga qorong‘u, lekin aybdorlar, albatta, javob berishi kerak. Shu o‘rinda men o‘qituvchilardan o‘z qadr-qimmatlarini yerga urishga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘rab qolaman. Sizning bu darajada boshingizni yerga qaratishga hech kimning haqqi yo‘q!”

Uning qayd etishicha, hozirda Xalq ta’limi vazirining huquqiy-nazorat xizmati tomonidan ishchi guruh tashkil etilib, holatni o‘rganmoqda. 

“Bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan "tashabbuskorlarga", albatta, tegishli chora ko‘riladi”, deb yozadi Saidov.  


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

905

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing