Andijonda ota aliment o‘rniga o‘z mashinasini berdi
Jamiyat
−
18 Sentabr
4407Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida yashovchi erkak farzandi uchun aliment to‘lovi o‘rniga o‘zining Damas mashinasini berdi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Xo‘jaobod tumanlararo sudining buyrug‘iga asosan fuqaro J.Q. bir nafar farzandi uchun 2016 yildan buyon aliment to‘lab kelgan.
Olib borilgan profilaktik suhbatlar natijasida taraflarning o‘zaro kelishishiga erishilgan va ota farzandi voyaga yetguniga qadar bo‘lgan aliment to‘lovlari evaziga Damas avtomashinasini berishini ma’lum qilgan.
Undiruvchi Sh.X. ham bu taklifga rozi bo‘lgan holda aliment to‘lovlari o‘rniga avtomashinani qabul qilib olgan.
Shu tariqa, ijro hujjatining ijrosi to‘liq ta’minlanib, ijro ishi yuritish tamomlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida ota aliment uchun 16 yillik alimentni oldindan to‘lab bergandi. 2024 yildan 2040 yilgacha bo‘lgan davr uchun aliment miqdori hisoblanganda, jami 818 million 895 ming 193 so‘m miqdorida aliment miqdori vujudga kelgan. Qarzdor undiruvchi foydasiga jami 818 million 895 ming 193 so‘m evaziga 1 ta uy, Spark avtotransport vositasi va 2 ming AQSH dollari miqdorida aliment pullarini to‘lab bergan.
Shuningdek, Toshkent viloyatining Toshkent tumanida ayol 3 nafar farzandi ta’minoti uchun sobiq eriga 1,7 milliard so‘m aliment to‘lagandi.