Andijonda ohak sexi 5,3 mlrd so‘mlik gazni o‘g‘irladi (video)
3-sahifa
−
30 yanvar
2388Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida 5,3 milliard so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan ohak ishlab chiqarish sexi aniqlandi. Bu haqda “Hududgazta’minot” AJ xabar berdi.
Qayd etilishicha, Xo‘jaobod tumanida olib borilgan reyd jarayonida “Besh qovoq” MFYda joylashgan “B. B. B.” MCHJga qarashli binoda loyiha texnik hujjatlarisiz, nosoz holatdagi gaz hisoblash uskunasi bilan bir dona ohak xumdonida 20 dona nostandart gaz yondirgichlar orqali ohak tayyorlash uchun tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlangan. Tabiiy gazdan foydalanish shartnomasida tuz ishlab chiqarish maqsadida foydalanish ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, MCHJ gazdan ohak ishlab chiqarishda foydalangan.
Bundan tashqari gaz hisoblash uskunasi nosozligi sabab MCHJ tarmoqdan uzilib, bir martalik tamg‘a o‘rnatilgan, biroq tashkilot rahbari uni o‘zboshimchalik bilan buzib, tabiiy gazdan foydalanib kelgan.
Bildirilishicha, holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, tabiiy gaz sarfi qayta hisob-kitob qilingan va 5 milliard 358 million so‘mlik zarar aniqlangan. Barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2,8 milliard so‘mlik energiya resurslarini o‘g‘irlagan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasi aniqlangan edi.
LiveBarchasi