Andijonda inspektor pichoqlab o‘ldirildi. Qotil qidirilmoqda

3-sahifa

image

Kecha, 1 iyul kuni Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida profilaktika inspektori chaqiruv vaqtida pichoqlandi va vafot etdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, soat 20:50 larda Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani “Yuksalish” mahallasidagi xonadonda janjal bo‘layotganligi haqida xabar kelib tushgan. Hudud profilaktika inspektori katta leytenant Abdurasul Abduvaliyev mahalla raisi A.Mamataliyev bilan birga voqea joyiga yetib borgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 65 yoshli fuqaro Yunusali Tumarovich Xolbozorov mast holda o‘z oila a’zolariga xo‘jalik pichog‘i bilan tahdid solayotgan bo‘lgan. Fuqaroni zararsizlantirish jarayonida Xolbozorov qo‘lidagi pichoq bilan katta leytenant Abduvaliyevning ko‘krak qismiga zarba berib, qochib ketgan.

Olgan jarohati oqibatida ko‘rsatilgan yordamga qaramasdan Abduvaliyev shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.

Bildirilishicha, holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumondor Yunusali Xolbozorov esa voqea joyidan yashiringan, uni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.

“Hurmatli fuqarolar! Ushbu shaxs haqida biron-bir ma’lumotga ega bo‘lsangiz zudlik bilan yaqin oradagi ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishingiz so‘raladi. Ma’lumot bergan fuqaroning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi”, deyiladi IIV matbuot kotibi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda fuqaro Ichki ishlar organlari xodimiga pichoq bilan tajovuz qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Andijon Qotillik Xo'jaobod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing