Andijonda avtomobilsozlikka asoslangan “Asaka muhandislik vodiysi” tashkil etiladi

Jamiyat

image

Shavkat Mirziyoyev mas’ullarga Asakada avtomobilsozlik va mashinasozlik bo‘yicha shakllangan 30 yillik tajriba asosida o‘z texnologiyalarini yaratishga o‘tish hamda “Asaka muhandislik vodiysi”ni tashkil etish vazifasini berdi. Bu haqda bugun, 24 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilayotgan yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, yig‘ilishda investitsiyalarning hajmi bilan birga sifati, tarkibi va iqtisodiyotga beradigan samarasiga alohida e’tibor qaratilgan. Yaqinda sanoat va tadbirkorlik uchun ajratilgan 1 ming gektar maydon Andijonda 7 milliard dollar investitsiya va kamida 70 ming yuqori daromadli ish o‘rniga aylanishi kerakligi ta’kidlangan.

Shu bilan birga, joriy yilga rejalashtirilgan 3,5 milliard dollar investitsiyaning mamlakatlar va tarmoqlar bo‘yicha tarkibi yetarlicha diversifikatsiya qilinmagani aytib o‘tilgan.

Bildirilishicha, viloyatda axborot texnologiyalari xizmatlari eksporti va malakali kadrlar mavjud bo‘lsa-da, sohaning texnologik bazasini mustahkamlashga investitsiyalar yetarli yo‘naltirilmayapti. Davlat rahbari sarmoyalarni yuqori qo‘shilgan qiymat, zamonaviy texnologiya va barqaror ish o‘rinlari yaratadigan yo‘nalishlarga jalb qilish zarurligini ta’kidlagan.

Bundan tashqari, mas’ullarga Asakada avtomobilsozlik va mashinasozlik bo‘yicha shakllangan 30 yillik tajriba asosida o‘z texnologiyalarini yaratishga o‘tish vazifasi qo‘yilgan. Shu maqsadda “Asaka muhandislik vodiysi”ni tashkil etib, dasturiy mahsulotlar, elektronika, elektromexanika va muhandislik xizmatlari zanjirini yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlangan.

Ma’lum qilinishicha, viloyatda muhandislik, energetika, sanoat va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida 10 ming talaba tahsil olmoqda. Ularning g‘oyalarini tayyor mahsulotga aylantiradigan tadqiqot va ishlanmalar markazlarini rivojlantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

To‘qimachilikda ham mavjud quvvatlardan yuqori samara bilan foydalanish imkoniyatlari borligi, shundan foydalanib Yevropadan dizayner, konstruktor va brendlarni jalb qilib, qiymati yuqori mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘tish orqali soha eksportini 1,5 milliard dollardan oshirish mumkinligi qayd etilgan.

Shuningdek, endi viloyatda investitsiya natijadorligi har bir kvadrat metr maydonda yaratilgan qo‘shilgan qiymat bilan baholanishi belgilangan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing