Andijonda 56 kg psixotrop moddani kir yuvish kukuniga yashirganlar ushlandi
3-sahifa
−
17 aprel
2565Andijon viloyatidagi “Do‘stlik” chegara bojxona postida 56 kilogramm kuchli ta’sir qiluvchi moddani kir yuvish kukuni ko‘rinishida olib kirmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga tushdi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “Do‘stlik” chegara bojxona posti orqali muntazam ravishda tijorat maqsadidagi tovarlarini go‘yoki shaxsiy ehtiyoj uchun olib o‘tishni odat qilib olgan 3 fuqaro 9 kilogramm og‘irlikdagi 3 dona Ariel kir yuvish kukunini postdan olib o‘tayotgan vaqtida to‘xtatilib, tovarlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan. Tekshiruv chog‘ida kir yuvish kukunining qadog‘i muqaddam ochilgani va uning ichiga aslida “pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi joylangani fosh bo‘lgan.
Shu kunning o‘zida tezkor tadbir davom ettirilib, “pregabalin”ni qabul qilib oluvchi shaxsga yetkazayotgan yo‘lovchi ham Ohangaron tumanida qo‘lga olingan. Uning yonida 27 kilogramm og‘irlikdagi 9 dona kir yuvish kukuniga kuchli ta’sir qiluvchi moddalar aralashgani aniqlangan.
Tezkor xodimlar yuqoridagi barcha kuchli ta’sir qiluvchi moddalar keltirilishi kerak bo‘lgan xonadonga borgan.
“Shubha ostiga olingan shaxsning Uchtepa tumanida ijarada yashab kelayotgan xonadoni belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, bu yerda yashirin narkolabaratoriya tashkil etishga hozirlik ko‘rilayotgani fosh bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Uning uyida kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qayta ishlash va taqsimlash maqsadida turli jihozlar, xomashyo va bo‘sh kapsulalar borligi aniqlangan.
Shundan so‘ng, ertasiga “Do‘stlik” chegara bojxona postida aynan ushbu laboratoriyaga yetkazilishi kerak bo‘lgan 20 kilogramm og‘irlikdagi 2 nomdagi kir yuvish kukuni qadoqlariga joylangan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning navbatdagi partiyasi ham qo‘lga olingan.
Shunday qilib, ko‘p bosqichli tezkor tadbirlar yakunida qonunbuzar shaxslardan jami og‘irligi 56 kilogrammni tashkil qiluvchi 16 dona kir yuvish kukuni qadoqlariga solingan kuchli ta’sir qiluvchi moddalar olib qo‘yilgan.
“Markaziy bojxona laboratoriyasi tomonidan o‘tkazilgan ekspertiza natijalariga ko‘ra, qo‘lga olingan 45 kilogramm “pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi ekani aniqlandi”, deyiladi xabarda.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning “qora bozor”dagi narxi 40 mlrd so‘mni tashkil qiladi.
Hozirda jami og‘irligi 45 kilogramm “pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi daliliy ashyo sifatida olinib, bojxona organlari tomonidan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ma’lumot uchun, “pregabalin” – bu markaziy asab tizimiga ta’sir qiluvchi dori bo‘lib, noto‘g‘ri yoki nazoratsiz qabul qilinsa, uyquchanlik, bosh aylanishi, eforiya, ruhiy va jismoniy qaramlik, vazn ortishi, shishlar, depressiya, va o‘z joniga qasd fikrlari kabi og‘ir nojo‘ya ta’sirlar keltirib chiqaradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona hamda Xorazm viloyatida olib borilgan tezkor tadbirlarda giyohvandlik vositalarining savdosi bilan shug‘ullanganlar ushlangandi.
LiveBarchasi