DXX Farg‘ona va Xorazmda 9 narkosavdogarni qo‘lga oldi (video)
3-sahifa
−
11 aprel
4726Farg‘ona hamda Xorazm viloyatida olib borilgan tezkor tadbirlarda giyohvandlik vositalarining savdosi bilan shug‘ullanganlar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Jumladan, Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan shaxs Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelgan 1 kilogramm 524 gramm “gashish” giyohvandlik vositasini 240 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Yozyovon tumanida qayd etilgan holatda, Toshloq tumanida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan muqaddam bir necha marotaba sudlangan fuqaro boshqaruvidagi Lacetti avtomashinasi “Farg‘ona-Toshkent” yo‘nalishida to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada, transport vositasi saloniga yashirib qo‘yilgan 799 dona “Zardeks” va 40 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham 1679 dona “Zardeks” va 48 dona “Tropikamid” hujjatlashtirib olindi. Tezkor tadbir davom ettirilib, uning yaqin aloqasi bo‘lgan, Marg‘ilon shahrida istiqomat qiluvchi, 1987 yilda tug‘ilgan shaxsning Farg‘ona shahridagi vaqtincha yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, 2239 dona “Lirika” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi ma’lum bo‘ldi. O‘tkazilgan tergov harakatlari davomida, ushbu dori vositalarini Farg‘ona tumanida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro Qirg‘izistondagi noma’lum shaxslardan qabul qilib olgani aniqlanib, u ham qo‘lga olindi.
Xorazm viloyatida olib borilgan tadbirda esa “Samarqand-Xorazm” yo‘nalishida narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1960 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan fuqaro hamda uning 1980 yilda tug‘ilgan sherigi o‘zaro til biriktirib, Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 802 gramm “opiy” moddasini sotmoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Urganch shahrida kuzatilgan holatda, Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan shaxs va Urganch shahrida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zaro kelishgan holda 499 gramm “opiy” va 12 gramm “geroin” giyohvandlik vositalarini 11 ming 500 dollariga sotgan vaqtida qo‘lga olindi. Shuningdek, ulardan birining yashash xonadoni yerto‘lasi ko‘zdan kechirilganda, unda 351 gramm “opiy” moddasi borligi ham aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Aniqlanishicha, mazkur giyohvandlik vositasi Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.
Bundan tashqari, 1962 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan fuqaroning Hazorasp tumanidagi yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotgan 989 gramm “opiy” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu giyohvandlik vositasi Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
LiveBarchasi