Andijonda 4,5 mlrd so‘mlik tovarlarni yashirincha olib kirishga uringanlar ushlandi

3-sahifa

image

Andijon viloyatida bojxona nazoratidan yashirib, qiymati 4,5 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan tovar-moddiy boyliklarni O‘zbekiston hududiga olib kirishga urinish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Andijon viloyati bojxona boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan “Do‘stlik” chegara bojxona posti orqali olib kirilayotgan yuklar tekshirilgan.

Tekshiruv davomida tadbirkorlik sub’ekti nomi bilan rasmiylashtirilgan yuk hujjatlarida nomutanosibliklar aniqlangan.

Jumladan, bojxona ko‘rigi jarayonida hujjatlarda umumiy qiymati 12 565 AQSH dollari deb ko‘rsatilgan 18 turdagi tovarlar orasida aslida qiymati 2 mlrd so‘mga yaqin bo‘lgan yana 98 turdagi mahsulotlar yashirilgani ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, mazkur bojxona postida aniqlangan yana bir holatda ham yuklar “Qizil” yo‘lak orqali tekshiruvga yo‘naltirilgan.

Ko‘rik natijasida deklaratsiyada umumiy qiymati 11 ming AQSH dollari ko‘rsatilgan 13 turdagi tovarlardan tashqari, yuklar orasida yana 82 turdagi, qiymati 2 mlrd 600 mln so‘mlik mahsulotlar yashirincha olib kirilayotgani fosh etilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ikki holatda ham bojxona nazoratidan yashirishga urinilgan tovarlar orasida maxsus sertifikat talab etiladigan oziq-ovqat mahsulotlari, kosmetika vositalari, tibbiy buyumlar, biologik faol qo‘shimchalar hamda O‘zbekiston hududida muomalasi taqiqlangan elektron sigaretlar bo‘lgan.

Bojxona organlari ma’lumotiga ko‘ra, mazkur holatlar yuzasidan hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatida qiymati qariyb 3,5 milliard so‘m bo‘lgan avtomobil ehtiyot qismlarini bojxona nazoratidan yashirincha olib kirishga urinish fosh etilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing