Andijon voqealariga 15 yil: Vodiyni titratgan tun haqiqatlari
Tahlil
−
13 may 2020
108638Mustaqil O‘zbekiston tarixida yirik davlat to‘ntarishiga urinish – terakt deya baholangan Andijon voqealari sodir etilganiga bugun, 13 may kuni 15 yil to‘ldi. Shu bois voqealar xronologiyasi nazar tashlashni ma’qul topdik.
Azaldan oltin vodiy nomi bilan mashhur bo‘lgan Farg‘ona vodiysi qadimiy Buyuk Ipak yo‘lining chorrahasida, Markaziy Osiyoning qoq o‘rtasida joylashgan. Oltin vodiy deyilishiga sabab bu mintaqaning nafaqat yer usti va yer osti boyliklari bilan to‘lib toshgani, balki bu yerda o‘ta tinchlikparvar va bag‘rikeng odamlar, bir so‘z bilan aytganda, oltin qalb egalari yashashi bilan ham bog‘liq.
Asosiy qismi O‘zbekiston hududida joylashgan oltin vodiy hamisha dunyoning diqqat markazida bo‘lib kelgan. Bu mintaqaga e’tibor qaratganlar orasida esa katta geostrategik va siyosiy maqsad-manfaatlar ilinjida yurganlar ham bor. Ayrim katta davlatlarning Markaziy Osiyoni o‘ziga qaram qilish yo‘lidagi intilishlari eng avvalo ushbu mintaqaning eng asosiy davlati bo‘lgan O‘zbekistonni tizginlab olishga qaratilgan. Shuning uchun ham 2005 yilning may oyi o‘rtalarida Farg‘ona vodiysining yuragi sanalgan Andijon shahrida tashqi kuchlarning rejissyorligi ostida Markaziy Osiyodagi eng kuchli qonuniy konstitutsion tizimni ag‘darishga qaratilgan harakatlar teatri boshlandi.
2005 yilning 12 maydan 13 mayga o‘tar kechasi. Soat 01:45 da O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatov mamlakat oliy bosh qo‘mondoni, Prezident Islom Karimovga telefon qilib, Andijon shahrida terrorchilik harakatlari sodir etilayotgani haqida xabar beradi. Xususan, bir guruh jinoyatchilar Andijon shahridagi soqchi-patrul xizmati, harbiy qism hamda qamoqxona hududiga hujum qilganini, ayni paytda ular shahar bo‘ylab qator terrorchilik harakatlarini amalga oshirayotganini ma’lum qiladi.
13 may, ertalab soat 07:00. Prezident Islom Karimov o‘tirgan samolyot Toshkentdan Andijonga uchib ketadi.
Soat 07:30. Andijonga yetib kelgan Prezident Karimov zudlik bilan shtab tuzadi. Shtab oldiga mavjud vaziyatni aniqlab, uni tinch yo‘l bilan bartaraf etish, garovdagilarni ozod qilish, andijonliklar osoyishtaligini saqlash, xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yiladi.
Keyin Andijon shahar faollari, mahalla oqsaqollari va kayvoni ayollardan iborat jamoatchilik vakillari ham shtabga taklif etildi. 14 may kuni Islom Karimov rahbarligida shtab yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
“Avvalambor, sizlar bilan maslahat qilib chora-tadbirlarni ko‘zda tutib, undan keyin shu chora-tadbirlarni amalga oshirishga kirishishni ma’qul topdim. Juda katta urg‘u berib shuni aytmoqchiman: shaharda kim yashaydi? Shaharda xalq yashaydi, aholi yashaydi. Shu aholining orzu-niyatlari, kayfiyatini, bo‘lgan voqealarga ularning munosabatini bilmasdan turib, qanday chora-tadbirlar ko‘rishimiz mumkin? Minglab harbiylar, minglab askarlarni olib kelsang ham, ular hech narsa qilolmaydi, agarki, Andijon zaminida yashaydigan odamlar, aholi, kayvonilar, mahalla oqsaqollari, qariyalar, faxriylarning fikrini bilmasak. Ular bunday xunuk va noxush voqealarga qanday qarayapti, kayfiyati qanday, munosabati qanday? Shunga suyanib, shunga tayanib keyin chora-tadbirlarni ko‘ramiz”, degan edi marhum Islom Karimov.
O‘zbekiston Hukumati biror qaror qabul qilishdan avval uni jamoatchilik vakillari bilan maslahatlashishni ma’qul topgan bo‘lsa, terrorchilarning harakatida buning aksi kuzatildi. Ular barcha ishni avval boshdanoq terrordan, portlatish va yondirishdan, odam o‘ldirish va xalq yuragiga vahima solishdan boshladi.
Andijondagi voqealarni boshlab bergan terrorchilar dastlab 12 may kuni 23:45 da Andijon shahridagi soqchi-patrul xizmati hududiga hujum qilishdi. Soqchilik qilayotgan to‘rt nafar ichki ishlar xodimini o‘ldirib, qurol-yaroq omborini buzishdi va o‘nlab avtomatlar, to‘pponcha, granata va boshqa qurollarni qo‘lga kiritishdi.
Oradan bir soat o‘tgach, qurollarni ko‘paytirib, saflarini kengaytirib olgan jinoyatchilar to‘dasi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga qarashli 34-harbiy qism hududida paydo bo‘ladi. Bu yerda ham jinoyatchilar tomonidan 4-5 soqchi o‘ldirilib, ko‘plab qurol-yaroqlar o‘g‘rilanadi.
Shundan so‘ng, jinoiy to‘da tezkorlik bilan ZIL-130 yuk avtomobili va bir qator yengil avtomobillarda tergov izolyatori, ya’ni Andijon shahrida joylashgan qamoqxona tomon yo‘l oladilar. Qamoqxona eshigini ZIL avtomobili yordamida buzib, ichkariga kiradilar va 600 ga yaqin mahbuslarni, shu jumladan 23 nafar “Akromiylar” va shu qamoqxonada saqlanayotgan o‘ta xavfli retsidivistlarni chiqarib yuborishadi.
“Eshiklar buzilib, taqillayotgani eshitildi. Qiy-chuvlar boshlanib ketdi, odamlarning ovozi eshitilyapti. Kameralarning eshigini ham buza boshlashdi. Bizni kamerani eshigini rus millatiga mansub bo‘lgan, yoshi 30 lar atrofidagi yigit buzib ochdi. Qurollangan ikki yigit “hamma tashqariga chiqsin, hamma ozod” deb bizni tashqariga chiqishimizni buyurdi. “Chiqmaganlarni otib tashlaysan, hech kim qolmasin bu yerda”, dedi biri ikkinchisiga. Ko‘chaga chiqsak odam to‘lib yotibdi. Kim qayerga borishni, nima qilishni bilmaydi. “Darvoza tomonga qarab yuringlar” ber buyruq berishdi. Darvoza yoniga chiqqanimizda u qulab yotgan edi. Yonida esa ikki militsiya xodimi o‘lib yotardi. Hama joy qon, o‘tib bo‘lmasdi. Bizni hokimiyat tarafga olib borishdi. Qurollangan yigitlar o‘sha yerni o‘rab oldi. Biz ketamiz, dedik. Hech kim ketmaydi, hamma shu yerda qoladi deyishdi. O‘sha mahal daraxtning panasiga o‘tib, qamoqxona kiyimlarini yechdik va kelgan yo‘limizga qarab qochdik”, deydi mahbus Bahodir Qurbonov.
“Bizga hokimiyat tomonga borasan, deb aytishdi. Yo‘lda ketayotganimizda yonimizda yana avtomatli yigitlar paydo bo‘ldi. Keyin bildimki, hokimiyatgacha koridor qilingan. 50 metr yurganimizdan keyin qamoqxona tarafdan avtomat ovozlar eshitildi. O‘sha vaqt yonimdagi qurolli yigit ortiga o‘girilib, telefonida gaplashdi. Men esa o‘zimdan yosh yana ikkita mahbusni olib, Andijon go‘sht kombinati yonidagi korxonaga kirib, qorovulini uyg‘otdik va soat 04:00 gacha o‘sha yerda yashirinib o‘tirdik. O‘shanda men bir narsaga ahamiyat berdim. Ularning turishlaridan, avtomat tutishlaridan tayyorgarlik ko‘rgani sezilardi. Ularning koridor qilishlari, har 10 metrda qurol bilan turishlari avvaldan reja tuzgani va mashq qilganini ko‘rsatdi”, deydi yana bir mahbus Adham Tojiboyev.
E’tibor bering, jinoyatchilar to‘dasining juda yaxshi harbiy tayyorgarlik ko‘rgan yigitlar ekanini, hatto, mahbuslar ham bir qarashdayoq anglagan. Ularning o‘ta aniqlik va tezkorlik bilan amalga oshirgan birinchi harakatlari esa Andijon voqealari oldindan puxta o‘ylangan reja asosida sodir etilganini va bu harakatlarni mutlaqo tinch namoyishlar sirasiga qo‘shib bo‘lmasligini ko‘rsatib turibdi. Lekin o‘sha kunlari xalqaro ommaviy axborot vositalarida bu voqealar ochiq va to‘g‘ri bayon etilmadi. Hatto, ayrim jurnalistlar mavjud holatni noto‘g‘ri talqin qildilar. Ular terrorchilar tomonidan amalga oshirilgan bosqinchilik, vayronkorlik ishlaridan ko‘z yumgan holda avtomat va to‘pponchalar, portlovchi va yondiruvchi moslamalar bilan qurollangan jinoiy guruhni tinch namoyishchilar deb isbotlashga urindi.
Andijon voqealarini sodir etganlar o‘sha kuni o‘z xatti-harakatlarini 23 nafar “Akromiylar”ni nohaq qamashgani uchun bosh ko‘tardik, deb baholashga urinadi. Vaholanki, “Akromiylik” deb atalish diniy-ekstremistik oqim a’zolari bo‘lgan o‘sha 23 nafar shaxs ustidan olib borilayotgan sud hali o‘z ishini yakunlamagan, ularga nisbatan qanday chora qo‘llanilishini hali hech kim bilmas edi.
Buning ustiga Andijon voqealarini sodir etganlar “Akromiylar”ni qamoqdan qochirish bilan cheklanib qolmadilar. Endi ular bir yo‘la 3 ob’ektga – Andijon viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, viloyat Milliy xavfsizlik xizmati boshqarmasi va viloyat hokimligi binolariga hujum qildilar. Maqsad – mavjud konstitutsion tuzumni ag‘darib, o‘z hokimiyatini o‘rnatish edi. Ular viloyat hokimligi binosini ishg‘ol qildilar-u lekin har qancha urinishmasin, Ichki ishlar hamda Milliy xavfsizlik xizmati boshqarmalari binolarini egallay olmadilar.
Ichki ishlar hamda Milliy xavfsizlik xizmati boshqarmalari binolarida niyatiga yetolmagan alamzada terrorchilar shahar bo‘ylab vahshiylik va vayronkorlik harakatlarini amalga oshira boshladi. Yo‘rig‘iga yurmagan odamlarni urdilar, avtomobillarni yoqdilar. Shahardagi teatr binosi, Abbos Bakirov nomli kinoteatrga o‘t qo‘yildi.
Terrorchilar viloyat hokimligi binosini to‘liq ishg‘ol qilgach, eng avvalo o‘z yaqinlariga qo‘ng‘iroq qilib, ularni hokimlik oldiga to‘play boshladilar. Asosan ayollar va bolalardan iborat bo‘lgan qarindoshlar hokimlik ichkarisidagi terrorchilar uchun jonli devor bo‘lib xizmat qilishlari ko‘zda tutilgan edi. Bu yerga olib keladigan yo‘llarga esa odamlardan tortib olingan mashinalarni terib, yoqib yuborishdi.
“Bizdagi ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, ular Qirg‘izistonning O‘sh, Jalolobod viloyatlariga va hatto Afg‘onistonga qo‘ng‘iroq qilgan. Ya’ni ular o‘z homiylariga, ushbu ishlarni tashkil qilgan, yordam va ko‘mak bergan xo‘jayinlariga telefon qilib, axborot beradi: mana shunday ishlar bo‘ldi, biz g‘alaba qozondik... Bu qo‘ng‘iroqlarni bizning odamlarimiz eshitgan va yozib olgan”, degan edi o‘sha vaqtdagi matbuot anjumanida Islom Karimov.
Hokimlik binosi atrofidagi har bir daraxt tagida, archalaru gulzorlarga o‘rnashib olgan terrorchilar navbatdagi vayronkorlik va vahshiylik uchun, yangi hujum yoki himoya uchun puxta tayyorlanishar, shisha idishlarga benzin quyib, portlovchi va yondiruvchi moslamalar tayyorlashardi. Muayyan bir guruh esa tevarak atrofdan odamlarni to‘xtovsiz ushlab kelar, urib-turtib hokimiyat ichkarisiga olib kirib ketardi. E’tiborli jihati shundaki, terrorchilar tomonidan garovga olinayotganlar ham tasodifiy emas, asosan Andijon viloyatining boshqaruv va sud organlarida ishlagan yoki ishlayotganlar, huquq-tartibot idoralari xodimlari hamda viloyat faollari bo‘lib, ularning aksariyati yarim tunda viloyat hokimligi binosiga aldov yo‘li bilan chaqirib olingan yoki keyinroq zo‘rlab olib kelingan.
Qo‘lga olinganlar shunchaki garovda ushlab turilgani yo‘q. Aksincha, ularning boshiga terrorchilar ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan azoblarni solgan. Garovdagilarning ko‘plari vahshiyliklar qurboniga aylangan. Ba’zilarini esa shunchaki otib tashlashgan. Andijon shahar prokurori G‘anijon Abdurahimov ham ana shunday qiynoqlar qurboni bo‘ladi.
Terrorchilar tomonidan shunga o‘xshash qator vahshiyliklar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da Islom Karimov rahbarligidagi shtab a’zolari masalani imkon qadar tinch yo‘l bilan hal etish, behuda qon to‘kilishi va ortiqcha vayronkorliklarning oldini olish maqsadida tinch muzokaralarga kirishdi.
“Bo‘lar ish bo‘ldi, qilganingizni qildingiz. Niyatingizga yetdingiz, lekin sizlarga qattiq aytadigan bir gapimiz, shartimiz, kerak bo‘lsa taklifimiz shu: boshingizdan bir tola sochingiz tushmaydi, hech kim sizlarga zarar bermaydi. Xohlasangiz qurolni topshiringlar, xohlamasangiz qurolni topshirmasdan mana uch-to‘rtta avtobus, shu avtobuslarga joylashib, xohlagan joyingizga boringlar. Takror aytaman, sizlarga hech kim tegmaydi. Bu Prezidentning va’dasi”, degan edi Islom Karimov.
Bu taklif va umuman 13 may ertalabdan to soat 18:00 ga qadar olib borilgan muzokaralar, afsuski, kutilgan natijani bermadi. Terrorchilar ilgari surilgan takliflarning barchasini inkor etgani holda Hukumat oldiga mutlaqo bajarib bo‘lmas talablarni qo‘ydilar. Xususan ular avvaliga mamlakat qamoqxonalarida saqlanayotgan 6 nafar rahnamolarining ozod etilishini talab qilishdi. Keyin bu ro‘yxat yana kengaydi. Ular so‘ragan odamlar konstitutsion tizimni ag‘darish maqsadida respublika hududida amalga oshirilgan avvalgi terroristik harakatlarda faol qatnashgan kimsalar bo‘lib, ularni ozodlikka chiqarish yurt osoyishtaligini yanada kattaroq xavf ostiga qo‘yishi mumkin edi.