“Andijon voqealari” sabab O‘zbekistondan chiqib ketganlar vatanga qaytdi

Jamiyat

image

2005 yilgi “Andijon voqealari”dan so‘ng oilasi bilan Rossiya Federatsiyasining Krasnoyarsk shahriga chiqib ketgan Murodjon Yo‘ldoshevning oilasi O‘zbekistonga qaytdi.

Uning turmush o‘rtog‘i O‘zbekiston fuqarosi bo‘lagan, 1974 yili Qo‘qon shahrida tug‘ilgan Kibriyo Yo‘ldosheva bir necha yillik sarson-sargardonlikdan keyin yurtga qaytib keldi.

“2007 yili chetga chiqib ketgan fuqarolarimiz, agar chin dildan pushaymon bo‘lib, kechirim xati yozsa, O‘zbekistonga qaytishi mumkin, degan xabar tarqaldi. –– Qaynog‘am barcha hujjatlarni rasmiylashtirib, turmush o‘rtog‘imni olib kelaman deb Krasonoyarsk tomon yo‘l oldi. Afsuski, qidiruvda bo‘lgani sababli turmush o‘rtog‘im Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ozodlikdan mahrum qilinib, uch yil turmada bo‘ldi. 2010 yili u ozodlikka chiqqach, qaynonam va qayni og‘amning tashabbusi bilan men va to‘rtta farzandim Krasnoyarsk shahriga keldik. Ikki yildan so‘ng, qaynonam, qisqa vaqtdan keyin esa qayni akam olamdan o‘tdi. Bu yerda tarqalgan turli mish-mishlar tufayli O‘zbekistonga qaytishdan qo‘rqib, Rossiyada to‘qqiz yil qolib ketdik. Bu muddat mobaynida yana bir farzand ko‘rdik, katta qizim yigirmadan oshdi”, deydi Kibriyo Yo‘ldosheva.

Shundan so‘ng oilaviy mojarolar va kelishmovchiliklar tufayli Murodjon Yo‘ldoshev  «o‘z kuningni o‘zing ko‘r», deb uydan chiqib ketgan. 

Kibriyo Yo‘ldoshevaning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 19 sentyabrdagi  “Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni ularning hayotida katta burilish yasagan voqea bo‘ldi.

“O‘zbekiston Respublikasining Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limiga murojaat qildim. Aniqlanishicha, men va farzandlarim O‘zbekiston hududida xech qanday qidiruvda emas ekanmiz. Ya’ni, shuncha payt begona yurtda adashib, qiynalib yurgan ekanmiz.

Shu o‘rinda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limi xodimlariga ham alohida minnatdorchik izhor etishni istar edim. Ular menga O‘zbekistonga qaytish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda hech qanday ortiqcha ovoragarchiliklarsiz menga astoydil yordam berishdi”, deya xursandchiligini izhor etdi Kibriyo opa.


Maqola muallifi

Teglar

Andijon voqealari

Baholaganlar

148

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing