Andijon viloyat hokimining sobiq o‘rinbosari ozodlikka chiqdi
3-sahifa
−
21 yanvar 6828 2 daqiqa
O‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilishda ayblanib 7 yilga qamalgan Andijon viloyat hokimining sobiq o‘rinbosari Botirjon Hamroyevning jazosi yengillashtirildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi tomonidan mansab vakolatini suiiste’mol qilish, o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan jami 29 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi ko‘rilib, sudning 2025 yil 8 iyuldagi hukmi bilan tegishli jazolar tayinlangan.
2025 yilning 26 dekabr kuni sud hukmiga nisbatan tuman prokurorning protesti va sudlanuvchilarning shikoyatlariga asosan jinoyat ishi Toshkent shahar sudi apelletsiyasi instansiyasida ko‘rilib, hukmning 24 nafar sudlanuvchiga tegishli qismlari o‘zgartirilgan.
Xususan, birinchi instansiya sudi hukmi bilan Botirjon Hamroyevga nisbatan tayinlangan 3 yil muddatga muayyan huquqdan mahrum etilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi (u Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a”, “v” bandlari bilan aybdor deb topilgan) jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar qoplangani munosabati bilan ish haqining 20 foizini davlat daromadiga undirib borish sharti bilan 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga o‘zgartirilgan.
Jinoyat kodeksi 167-moddasining 5-qismiga ko‘ra, yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.
Bildirilishicha, Botirjon Hamroyevga nisbatan tayinlangan muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi o‘zgarishsiz qoldirilgan. Ajrimdan norozi taraflar taftish tartibida shikoyat yoki protest bildirish huquqiga ega.
Live
Barchasi