Andijon o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritdi
Sport
−
05 Oktabr
12383Farg‘onadagi Istiqlol stadionida o‘tkazilgan O‘zbekiston Kubogi-2024 finalida “Andijon” jamoasi Namanganning “Navbahor” jamoasini kambek evaziga mag‘lub etib, kubok egasi bo‘ldi.
O‘yinning 1-taymida jamoalar gol kiritmadi va bo‘lim 0:0 hisobida yakunlandi.
Ikkinchi bo‘limning 8-daqiqasida namanganliklar vakili Abror Ismoilov hisobni ochdi. O‘yinning asosiy vaqti yakunlanishiga 8 daqiqa qolganda Andijon a’zosi Muhammadkarim Toirov muvozanatni tikladi. Shu tariqa jamoalar ekstra-taymlarga yo‘l oldi.
Qo‘shimcha bo‘limlarning birinchisida jamoalar 1:1 hisobini ushlab qoldi.
Ekstra-taymlarning ikkinchisi dramatik tarzda o‘tdi. Dastlab, 116-daqiqada andijonliklar vakili Islom Mamatkazin jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Oradan 3 daqiqa o‘tib, “lochinlar” a’zosi Farruh Sayfiyev gol kiritib, muvozanatni tikladi. O‘yinning so‘nggi daqiqasida “burgutlar“ vakili Vladimir Bubanya “Navbahor” darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasi g‘alabasini ta’minladi. Yakuniy hisob – 2:3. Shu tariqa “Andijon” o‘z tarixida ilk bor O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritdi.