Andijon-Qo‘ng‘irot va Termiz-Toshkent yo‘llari yuqori talabga javob berishi shart – Mirziyoyev
Jamiyat
−
16 Oktabr
4653Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 16 oktyabr kuni yo‘l xo‘jaligi sohasida qilingan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2009-2016 yillarda 9 trillion so‘m evaziga ming kilometrdan ko‘proq yo‘l qurilgan va 20 ming kilometr ta’mirlangan bo‘lsa, so‘nggi sakkiz yilda bu ko‘rsatkichlar 6 barobargacha o‘sgan. Ya’ni, sohaga 58 trillion so‘m ajratilib, 2 ming kilometr yo‘l barpo etilgan, 100 ming kilometri ta’mirlangan.
Shuningdek, Prezidentning 2023 yil 10 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, yo‘l xo‘jaligi tizimi yanada takomillashtirilgan. Xususan, loyihalash, qurish, ekspluatatsiya uchun mas’ullar aniq belgilab qo‘yilgan, buyurtmachi va pudratchi funksiyalari bir-biridan ajratilgan.
Yo‘llarni ilmga asoslanib, zamonaviy yondashuvlar asosida qurishga e’tibor kuchaygan. Masalan, loyiha hujjatlarining namunaviy andozalaridan voz kechilib, har bir hududning geologik va ekologik xususiyatidan kelib chiqish usuliga o‘tilgan. 1 ming 700 ta maxsus texnika xarid qilinib, yo‘l xo‘jaligi korxonalarining ta’minot darajasi oshirilgan. Yangi turdagi asfalt-beton, sement-beton qoplamalar joriy etilgan.
Bildirilishicha, yangi qurilgan yo‘llarning ekspluatatsiya muddati 15-20 yil bo‘ladi. Ularning holati 42 turdagi ko‘rsatkich bo‘yicha tekshirib boriladi. Jahon bankining grant mablag‘lari hisobidan olib kelingan texnikalar yo‘lning fizik xossalarini baholash hamda yer ostidan o‘tgan kommunikatsiya tarmoqlari holatini qoplamani buzmagan holda tekshirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, Prezidentga sohadagi loyihalar va rejalar haqida axborot berildi. Qayd etilishicha, Birlashgan Millatlar Tashkilotining tahliliga ko‘ra, sifatli yo‘llar O‘zbekiston iqtisodiyotining kamida 2 foiz o‘sishiga turtki beradi. Bugungi kunda xalqaro moliya tashkilotlari bilan 729 kilometr yo‘lni rekonstruksiya qilish bo‘yicha 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Jumladan, yaqin kunlarda “Qo‘ng‘irot-Beynau” yo‘nalishidagi 240 kilometr yo‘l foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, Guliston – Andijon, Dushanbe – Termiz, Buxoro – Turkmanboshi, Urganch – Hazorasp yo‘llarining muayyan qismlari qayta quriladi.
Sohaga xususiy sektor vakillari ham keng jalb qilinmoqda. Hududlardagi jami 260 kilometr yo‘llarning ekspluatatsiyasi autsorsing asosida tadbirkorlarga berildi. Osiyo taraqqiyot banki loyihasi doirasida 841 kilometr yo‘l qurilishida ilk bor to‘liq mahalliy pudratchilar qatnashishiga kelishildi.
Shuningdek, Prezident sohadagi muhim vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.
“O‘zbekistonning geografik joylashuvini e’tiborga olsak, tashqi savdoda xalqaro yo‘llarning ahamiyati juda katta. Shu bois Andijon bilan Qo‘ng‘irotni, Termiz bilan Toshkentni bog‘laydigan jami 4 ming kilometrlik xalqaro yo‘llarimiz eng yuqori talablarga javob berishi shart”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon oralig‘idagi pulli yo‘l loyihalarini jadallashtirish, ularni qatnov darajasi yuqori bo‘lgan uchastkalarda qurish zarurligi qayd etildi. Bunday hollarda muqobil bepul yo‘l mavjud bo‘lishi alohida qonun bilan belgilanadi.
Bugungi kunda 4 ming 700 ta ko‘prik ta’mirtalab holatda. Uch yillik dastur ishlab chiqib, ularni bosqichma-bosqich ta’mirlash vazifasi qo‘yildi.
Hududlarda yo‘l bo‘yi infratuzilmasi rivojlantirilib, savdo va xizmatlar tashkil qilinmoqda. Taqdimotda aytilganidek, bunga qo‘shimcha qariyb 4 ming kilometrlik xalqaro avtomagistrallarda 70 ta servis majmuasi barpo etiladi.
Yo‘l va suv tarmoqlari kabi infratuzilmaviy loyihalarda xalqaro moliya institutlari bilan yaqindan ishlash, xorijiy konsultantlarni jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.