“Andijon do‘ppisi” ham patentlandi
Jamiyat
−
17 iyun
3801“Andijon do‘ppisi” Adliya vazirligi tomonidan geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur bosh kiyim o‘zining yuqori sifatli matolari, nozik naqshlari, o‘ziga xos shakli, shuningdek, ramziy va estetik mazmuni bilan ajralib turadi. Ushbu do‘ppi Andijon viloyatining hunarmandchilik an’analari, kashtachilik maktabi va madaniy ramzlariga asoslangan bo‘lib, xalq orasida o‘ziga xos hurmat va mavqega ega.
Geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi Andijon do‘ppisining kelib chiqish manbaini belgilaydi, hamda uning sifati va madaniy qiymatini huquqiy jihatdan himoya qiladi.
Ma’lumot uchun, geografik ko‘rsatkich — bu mahsulotning ma’lum hududga xosligi va aynan shu hudud tabiiy, insoniy, tarixiy omillari bilan bog‘liq alohida sifatlarga ega ekanligini bildiruvchi intellektual mulk ob’ekti hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 24 avgust kuni “G‘ijduvon shashlik”, 2024 yil 8 yanvar kuni esa “G‘uzor tandir go‘shti”, joriy yil 4 fevral kuni dunyoga mashhur “Samarqand noni” va iyun oyida “Xorazm tuxumbaragi” geografik ko‘rsatkich sifatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi.
LiveBarchasi