Ana xolos! Piyoda yurganlarga pul beruvchi 1hls loyihasi bekor qilingani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
26 may 2022
6873O‘zbekistonda piyoda ko‘p yurganlarga pul beruvchi “Sog‘lom turmush tarzi” (1hls) loyihasi bekor qilingan. O‘zbekiston Prezidentining tegishli farmoni joriy yilning 6 aprel kuni qabul qilingan.
Hujjatga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6099-son Farmonining 4-bandi o‘z kuchini yo‘qotdi.
Kuchini yo‘qotgan 4-bandda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish maqsadida “Sog‘lom turmush tarzi” (www.1hls.uz) platformasini yaratish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgandi.
Unga ko‘ra:
O‘zbekiston hududida bir sutka davomida o‘n ming va undan ortiq qadam yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining platformadagi elektron hamyoniga 3 ming so‘mdan;
har oyda har bir tuman (shahar) bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 300 ming so‘mdan, har bir hudud bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 500 ming so‘m, respublika bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 1 million so‘m qo‘shimcha ravishda platformadagi elektron hamyoniga o‘tkazilishi belgilangandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida Sport va turizm vazirligi 1hls.uz platformasi orqali pul ishlash bo‘yicha o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani, endilikda har kuni 10 ming qadam piyoda yurganlar o‘rtasida har hafta yakunlari bo‘yicha 1 kishiga 100 million so‘m miqdorida pul va 1 000 kishiga velosiped mukofotlari o‘ynalishi haqida xabar bergandi.
LiveBarchasi