Amudaryo ustida Xorazmni Qoraqalpog‘iston bilan bog‘laydigan ko‘prik quriladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi davom etmoqda. Viloyat faollari bilan o‘tgan yig‘ilishda dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar muhokama qilindi. Har bir shahar va tuman, mahallalarda mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, “o‘sish nuqtalari” belgilandi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Urganch shahrida to‘qimachilik va turizm, Xiva shahrida turizm va qurilish materiallari, Gurlan tumanida to‘qimachilik va issiqxona xo‘jaligi, Yangibozor tumanida issiqxona va meva-sabzavotni qayta ishlash, Tuproqqal’a tumanida mashinasozlik va elektr texnikasi kabi yo‘nalishlarni rivojlantirish mumkinligi qayd etildi. Shu yo‘nalishlarda ishlab chiqilgan loyihalarni amalga oshirish uchun har bir hududga vazirlik va banklar rahbarlari biriktirildi. Barcha loyihalar 16 mingdan ziyod ish o‘rni tashkil etish imkonini beradi”, deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda 2021 yilda viloyatda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar va ayollar bandligini oshirish maqsadlariga 500 milliard so‘m kredit resursi ajratilishi ma’lum qilingan.

Ma’lum qilinishicha, viloyatda mehmonxona o‘rinlarini ko‘paytirish, salohiyatli mamlakatlardan Urganchga doimiy va charter reyslar tashkil etish zarurligi ta’kidlangan. Ichki turizmni rivojlantirish uchun transport xizmatlarini yaxshilash, xususan, Farg‘ona vodiysidan avia va temir yo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yib, buning dastlabki davrida 30 foizlik chegirma qo‘llash bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Keyinchalik bu tajriba Termiz, Samarqand va Buxoro shaharlari bo‘yicha ham qo‘llaniladi.

Faollar bilan uchrashuuvda Amudaryo ustida Xorazmni Qoraqalpog‘iston bilan bog‘laydigan 413 metrlik ko‘prik, Qorao‘zak tumanidan Shovot tumanigacha 79 kilometrlik temir yo‘l qurilishi aytilgan. Kelgusi uch yilda 2 ming 370 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash vazifasi qo‘yilgan.

“Qiyin davrda, murakkab sharoitda yashayapmiz. Ana shu sharoitda har bir tuman, har bir mahallaning o‘z o‘rni, marralari bor. Xorazmning marrasi baland bo‘lishi kerak”, deydi Prezident.

Shuningdek, ijtimoiy masalalarga alohida e’tibor qaratilgan. Kelgusi yili viloyat bo‘yicha 2 ming xonadonli 100 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etish, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berilgan. Ta’lim, tibbiyot, madaniyat sohalarini rivojlantirishga doir chora-tadbirlar belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Xorazm Qoraqalpog'iston Shavkat Mirizyoev

Baholaganlar

259

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing