Amir Temur shoh ko‘chasidagi davlat idoralari binolari o‘rniga savdo markazlari qurilishi mumkin
Jamiyat
−
03 aprel
6604Toshkent shahrining Amir Temur shoh ko‘chasidagi davlat idoralarining binolari o‘rniga ko‘p qavatli savdo markazlari qurilishi mumkin. Bu haqda bugun, 3 aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qildi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Yunusobod tumani Toshkent shahrining eng qulay qismida joylashgani uchun kredit olmasdan, u yerda o‘z sarmoyasini kiritib, ish o‘rni yaratishga intilayotgan tashabbuskorlar juda ko‘p. Lekin, ularni eng qiynaydigan masala – tumanda bo‘sh joy topish.
Ma’lum qilinishicha, Amir Temur shoh ko‘chasi so‘nggi yetti yilda tadbirkorlar uchun eng jozibador ko‘chaga, hududning o‘sish nuqtasiga aylangan. Lekin ko‘chaning 6 kilometr qismida eskirgan qiyofadagi 3-4 qavatli 8 ta davlat idoralari joylashgan.
Bu binolarni yerosti avtoturargohi bor ko‘p qavatli savdo, xizmat va ovqatlanish ob’ektlari, ofis va mehmonxona shaklida qayta qurish sharti bilan loyihalar amalga oshirilsa, tadbirkorlar va ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish mumkinligi qayd etildi.
Shunday loyihalarni bank filiallari o‘rnida hamda davlat tashkilotlari egallab turgan 24,5 gektar negizida ham amalga oshirish mumkin.
LiveBarchasi