Amerikaliklar Rossiyani aviatsiya texnologiyasi bilan ta’minlashda ayblanmoqda
Olam
−
03 mart 2023
13279Kecha, 2 mart kuni AQSHning Kanzas-Siti shahrida ikki amerikalik AQSH eksport nazoratini buzgan holda Rossiyaga aviatsiya texnologiyalarini jo‘natishda ayblanib, hibsga olindi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 59 yoshli Kirill Buyanovskiy va 55 yoshli Duglas Robertson AQSHning Kanzas shtati sudida Rossiyada ishlab chiqariladigan samolyotlar uchun avionika sotish orqali AQSH eksport qonunlarini chetlab o‘tish bo‘yicha til biriktirganlikda ayblangan. Ular o‘zlariga tegishli KanRus Trading Company’da texnologiyani ta’mirlab, Rossiyaga jo‘natgan va soxta eksport ma’lumotlarini taqdim etgan. Masalan, ta’mirlangan uskunalar uchun hisob-fakturada Germaniya so‘nggi manzil sifatida ko‘rsatilgan, biroq avionika Rossiya Federal Xavfsizlik Xizmatiga yuborilgan.
Adliya vazirligi ma’lum qilishicha, 2022 yil 28 fevralda AQSH hukumati avionika yukini hibsga olganidan so‘ng, AQSH Savdo vazirligi tadbirkorlarga uskunani eksport qilish uchun litsenziya kerak ekanini aytgan. Biroq ular may, iyun va iyul oylarida elektronikani noqonuniy ravishda Armaniston va Kipr orqali jo‘natgan.
Ayblanuvchilar til biriktirish, nazorat ostidagi tovarlarni litsenziyasiz eksport qilish, eksport ma’lumotlarini soxtalashtirish va taqdim etmaslik, AQSH qonunchiligiga zid bo‘lgan kontrabanda bilan shug‘ullanishda ayblangan. Sud ularni aybdor deb topsa, Buyanovskiy va Robertsonga 20 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.
Ta’kidlash joizki, Rossiya o‘tgan yili Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng AQSH avionikaga qo‘shimcha cheklovlar, shuningdek, Rossiyaning mudofaa, aerokosmik va dengiz sohalariga mo‘ljallangan boshqa tovarlar ustidan nazoratni joriy qilgan. Keyinchalik nazorat Rossiyaning neftni qayta ishlash, sanoat va savdo tarmoqlarini o‘z ichiga olgan holda kengaytirilgan.
Ma’lumot uchun, avionika havo kemalarida o‘rnatilgan aloqa, navigatsiya, parvozlarni boshqarish va tahdidlarni aniqlash tizimlarini o‘z ichiga oladi.
LiveBarchasi