Amerikalik jurnalist hibsga olinishi ortidan AQSH o‘z fuqarolarini Rossiyani tark etishga chaqirdi
Olam
−
31 mart 2023
8108Avval xabar berganimizdek, Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati Yekaterinburgda “The Wall Street Journal” gazetasi muxbiri Evan Gershkovichni josuslikda gumon qilib hibsga olgan edi. Mazkur holatdan so‘ng AQSH Davlat departamenti Rossiyadagi barcha Amerika fuqarolarini zudlik bilan mamlakatni tark etishga chaqirdi. Bu haqda departament saytida e’lon qilingan bayonotda so‘z boradi.
“Biz Rossiya tomonidan keng tarqalgan AQSH fuqarosi jurnalistning hibsga olinishidan chuqur xavotirdamiz. Ushbu vaziyat bo‘yicha “The Wall Street Journal” bilan aloqadamiz. Har safar AQSH fuqarosi chet elda hibsga olinsa, biz darhol konsullik xizmatiga murojaat qilamiz va barcha kerakli yordamni taqdim etishga intilamiz”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, Davlat departamenti Kremlning jurnalistlar va fuqarolik jamiyati vakillarini qo‘rqitish, repressiya qilish va jazolash bo‘yicha davom etayotgan urinishlarini keskin qoralashini bildirgan.
“Davlat departamentining ustuvor yo‘nalishi AQSH fuqarolarining chet eldagi xavfsizligidir. Biz Rossiya Federatsiyasi o‘z hududidagi AQSH fuqarolari uchun xavf tug‘dirishi haqida qattiq ogohlantirishlarimizni takrorlaymiz. Rossiyada istiqomat qiluvchi yoki sayohat qilayotgan AQSH fuqarolari Rossiyaga sayohat bo‘yicha maslahatnomamizda ko‘rsatilganidek, darhol chiqib ketishlari kerak”, deyilgan AQSH Davlat departamenti bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati Evan Gershkovichni Amerika tomonining ko‘rsatmasi bo‘yicha Rossiya harbiy-sanoat kompleksi korxonalaridan birining faoliyati to‘g‘risida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plaganlikda ayblagan edi.
LiveBarchasi