AMD va Cray dunyodagi eng kuchli superkompyuter yaratishmoqchi
Bu qiziq
−
08 may 2019
4465AMD va Cray kompaniyalari hamkorlikda keyingi 3 yilda (ushbu superkompyuterni yaratish 2021-2022 yilga mo‘ljallangan) nafaqat AQSH, balki jahonda anologi bo‘lmagan eng kuchli kompyuterni yaratishmoqchi. U “Frontier” nomini olishi kutilyapti.
Loyihani amalga oshirishda AQSH Energetika vazirligi va Ok-Rij milliy laboratoriyasi ishtirok etadi. Kompyuter nafaqat super quvvatga, balki eng so‘nggi sun’iy intellektga ham ega bo‘ladi.
Ma’lum bo‘lishicha, yangi superkompyuterning kuchlilik darajasi 1,5 eksaflopsdan (eksaflops – million trillion yoki kvintillion) oshadi. Boshqacha aytganda, mashina 1 sekundda 1,5 kvintillion (1 500 000 000 000 000 000) operatsiyalarni amalga oshira oladi.
“Frontier” Tennesi universiteti qoshidagi Ok-Rij milliy laboratoriyasiga o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
«Rekord darajadagi kuchli Frontier kompyuteri bizga dunyo ilm-fanida yetakchilikni qo‘lga kiritishimizga hamda nafaqat amerikaliklarning, balki butun dunyo ahlining hayoti va iqtisodiy taraqqiyotiga sabab bo‘ladi», — deydi AQSH Energetika vaziri Rik Perri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun AQSH bu kabi superkompyuterlarni yaratishga katta e’tibor qaratadi. Negaki Xitoy ham bu kabi mashinalarni yaratishda faol harakat qilmoqda. Bugungi kunda AQSH sun’iy intellekt sohasida dunyoda yetakchilikni qo‘ldan bermay kelyapti, biroq Xitoy ham bu borada jadal rivojlanmoqda.
“Rasmiy Pekinning SI (sun’iy intellekt) sohasidagi xitoylik ishlab chiqaruvchilarga investitsiya kiritishi va qo‘llab-quvvatlashidan maqsad yagona: sun’iy intellekt borasida jahon yetakchiligini AQSHdan olib qo‘yish” – degan Rik Perri.
Frontier superkompyuterining markaziy protsessorlari sifatida maxsus AMD EPYC chiplaridan foydalaniladi. Yangi tizim professional grafikali Radeon Instinct qurilmasi bilan jihozlanadi.
The Verge portalining xabariga ko‘ra, tizim internet ulanish tezligiga nisbatan 24 million baravar yuqori bo‘lgan tarmoq kengligi hisobiga ma’lumotlarni tezkorlik bilan qayta ishlash imkoniga ega bo‘ladi.
Bu nima degani? Misol uchun, ushbu kompyuter 1 sekundda HD formatidagi 100 mingta filmni qayta ishlay olishga qodir bo‘ladi.
Superkompyuterni joylashtirish uchun 680 kvadrat metr hudud kerak bo‘ladi. Bu ikkita basketbol maydoniga tengdir. Tizimni optimal darajada ulash uchun turli xildagi 150 kilometr sim ishlatiladi.
Ayni paytda dunyodagi eng kuchli superkompyuter IBM Summit hisoblanadi. O‘tgan yili foydalanishga topshirilgan kompyuter ham Ok-Rij milliy laboratoriyasiga joylashtirilgan.
LiveBarchasi