Alyaskada 8 kishi bo‘lgan charter samolyoti halokatga uchradi
Olam
−
08:53 1166 1 daqiqa
AQSHning g‘arbiy qismidagi Alyaska shtatida bortida 8 kishi bo‘lgan charter samolyoti uzoqda joylashgan radar stansiyasi yaqinida halokatga uchradi. Bu haqda mamlakatning Milliy transport xavfsizligi kengashi (NTSB) vakili ma’lum qildi.
NTSB’ning Alyaska mintaqasi rahbari Klint Jonsonning aytishicha, samolyot bortida 2 nafar uchuvchi va 6 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Hozircha ularning taqdiri haqida aniq ma’lumot berilmagan.
Ma’lum bo‘lishicha, samolyot Ankoridj shahrida havoga ko‘tarilgan va kecha, 20 avgust kuni tushdan keyin Keyp-Nyuyenxem hududiga qo‘nish vaqtida halokatga uchragan bo‘lishi mumkin. Jonson hozircha mavjud ma’lumotlar dastlabki ekanini ta’kidlagan.
Alyaska qutqaruvlarni muvofiqlashtirish markazi Keyp-Nyuyenxem uzoq masofali radar stansiyasi yaqinida “samolyot bilan bog‘liq hodisa” haqida xabar olganidan so‘ng qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlagan. Markaz qo‘shimcha ma’lumotlar olingani sayin e’lon qilinishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Pensilvaniya shtatida Cessna 150 samolyoti shtat politsiyasining Bell 407 vertolyoti bilan to‘qnashib ketgandi.
Live
Barchasi