Alyaska sammitidan so‘ng Yevropa Rossiyaga yangi sanksiyalar qo‘ymoqchi
Olam
−
16 avgust 2025 5175 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi (YeI) davlat rahbarlari Alyaskada Rossiya va AQSH Prezidentlari – Vladimir Putin va Donald Tramp o‘tkazgan sammit yakunlariga oid bayonot e’lon qildi.
YeI yetakchilari Putin va Trampning uchrashuvidan keyin Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etishga tayyor ekanini bildirgan. Ular Kiyevga qurol yetkazib berish yoki Ukrainani YeI va NATOga integratsiyalashdan voz kechish bo‘yicha cheklovlarni rad etmoqda. Bu Yevropa mamlakatlari rahbarlarining AQSH Prezidenti Donald Tramp va Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralari natijasida e’lon qilingan birgalikdagi bayonotda qayd etilgan. Bayonot e’lon qilinishidan oldin YeI elchilari tezkor uchrashuv o‘tkazgan.
Bayonotda Yevropa mamlakatlari Donald Trampning mojaroni to‘xtatishga qaratilgan harakatlarini olqishlayotgani ta’kidlangan. Shu bilan birga, Yevropa yetakchilari Ukrainaga “po‘lat kabi mustahkam xavfsizlik kafolatlari” berilishi kerakligini ta’kidlaydi.
“Adolatli va barqaror tinchlik o‘rnatilmaguncha sanksiyalarni kuchaytirishni davom ettiramiz”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, unda Ukraina o‘z hududlariga oid qarorlarni mustaqil qabul qilish huquqi berilishi kerakligi, xalqaro tan olingan chegaralar kuch ishlatish yo‘li bilan o‘zgartirilmasligi qayd etilgan.
“Ukrainadagi qon to‘kilishi davom etayotgan paytda, Rossiyaga bosimni saqlashga tayyormiz. Sanksiyalar va kengroq iqtisodiy choralarni kuchaytirib, Rossiyaning urush iqtisodiyotiga bosim o‘rnatishni davom ettiramiz, shunda adolatli va barqaror tinchlik o‘rnatiladi. Ukraina bizning sobit va qat’iy birdamligimizga tayanishi mumkin, chunki biz tinchlikni yaratishga harakat qilamiz”, deya qo‘shimcha qilinadi bayonot matnida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Vladimir Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan videokonferensiyadan so‘ng, Rossiya bilan mumkin bo‘lgan tinchlik kelishuvi doirasida Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyorligini aytgandi.
Live
Barchasi