Allamjonov va Mirziyoyeva Avstriyaga nega bordi?

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komiljon Allamjonov va direktor o‘rinbosari – Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva ayni damda ishchi tashrif bilan Avstriyada bo‘lib turibdi. 

Tashrif davomida Allamjonov va Mirziyoyeva Avstriyadagi eng nufuzli nashrlardan biri – “Kurier” gazetasi rahbari Gelmut Brandshtatter bilan uchrashdi. 

“Uchrashuvda Avstriya va O‘zbekistondagi nashrlarning bugungi holati haqida suhbatlashdik, o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlarini muhokama qildik”, deydi Allamjonov. 

“Kurier” gazetasi nemis tilida har kuni 385 ming nusxada chop etiladi. U dunyoda eng o‘qiladigan gazetalar reytingida 18-o‘rinda qayd etilgan.

“O‘ylaymanki, butun dunyoda bosma nashrlar bosqichma-bosqich elektron ko‘rinishga o‘tayotgan bir pallada ham qog‘oz, ham elektron variantda muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotgan ushbu gazeta tajribasi bizning bosma nashrlarimiz uchun ham qiziqarli va foydali bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qiladi Allamjonov. 

Agentlik jamoasining yana bir muhim uchrashuvi – Avstriya davlat teleradiokompaniyasi “ORF” Bosh direktori Aleksandr Vrabets bilan o‘tkazildi.

Uchrashuvda sohadagi zamonaviy ilg‘or tajribalar, dunyodagi teleradiokompaniyalarning bugungi holati hamda tizimni yanada rivojlantirish uchun qilinishi kerak bo‘lgan ishlar haqida fikr almashilgan.

Österreichischer Rundfunk (ORF) – davlat teleradiokompaniyasi va Avstriyadagi eng yetakchi elektron OAV hisoblanadi. Kompaniyaning iqtisodiy va ijodiy sohalardagi muvaffaqiyatlari o‘rganishga arziydi.

Shuningdek, Allamjonov va Mirziyoyeva Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Tomas Greminger bilan ham uchrashdi. 

“Muloqot davomida O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiqlik siyosati, barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdik. O‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan ikki tomonlama aloqalar hamda manfaatli hamkorlik istiqbollarini muhokama qildik”, deydi Allamjonov ushbu uchrashuv haqida.

O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan uchrashuvda Tomas Greminger O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va yangilanishlardan xabardor ekanligini hamda YeXHT bu islohotlarga nisbatan yuqori baho berishini ta’kidlagan. 

Qolaversa, jurnalistlar ham so‘z mas’uliyati va jurnalistika etikasi hamda qonun-qoidalariga rioya etishi lozimligini qo‘shimcha qilgan. 

Tomas Greminger O‘zbekistonda chet el axborot resurslariga kirish imkoniyati berilganini yuqori baholadi. U mamlakatdagi ochiqlik siyosati davom etishiga umid bildirar ekan, YeXHT barcha yo‘nalishda O‘zbekistonning ishonchli hamkori bo‘lishga tayyor ekanini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Komiljon Allamjonov Saida Mirziyoeva

Baholaganlar

50

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing