Aliyev Yevropa bilan Putinning “qonini qaynatadigan” memorandum imzoladi
Olam
−
18 iyul 2022
27119Ozarbayjon va Yevropa Ittifoqi bugun, 18 iyul kuni energetika sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjatni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen imzolagan.
Yevropa komissiyasi rahbari bilan uchrashuvdan so‘ng nutq so‘zlagan Prezident Ilhom Aliyev, Ozarbayjon tashabbusi bilan amalga oshirilgan energetika loyihalari Yevropaning energiya xaritasini butunlay o‘zgartirganini ta’kidladi.
“Bugungi memorandum kelajak uchun yo‘l xaritasidir. Umid qilamizki, Ozarbayjon va YeI yaqin oylarda yangi ikki tomonlama kelishuv ustidagi ishlarni yakunlaydi”, deydi Aliyev.
Davlat rahbari energiya xavfsizligini ta’minlash alohida ahamiyat kasb etishiga e’tibor qaratdi.
“Ozarbayjon va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ishonchli hamkorlik katta boylikdir. Bizning energetik muloqotimiz ko‘plab sohalarni qamrab oladi”, deydi Ozarbayjon rahbari.
Yevropa komissiyasi rahbari, o‘z navbatida, Ozarbayjon qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida katta salohiyatga ega ekanligini ta’kidlagan.
“Yevropa Ittifoqi ishonchli energiya yetkazib beruvchilarga murojaat qilmoqda. Ozarbayjon ulardan biri. Bugungi kelishuvga ko‘ra, biz Ozarbayjondan Yevropa Ittifoqiga gaz yetkazib berishni ikki barobarga oshirish orqali Janubiy gaz yo‘lagini kengaytirish tarafdorimiz”, dedi fon der Lyayen.
Ma’lumot uchun, Yevropa Ittifoqi Ozarbayjondan gazni 2020 yilda ishga tushirilgan va yiliga 10 milliard kub metr o‘tkazish quvvatiga ega Transadriatik gaz quvuri orqali “Shohdengiz” konidan oladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 iyun kuni YeI Kengashi Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketini, jumladan, Rossiyadan dengiz orqali neft mahsulotlarini yetkazib berishga qoldirilgan embargoni qabul qildi. Oltinchi paket bo‘yicha Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasidagi muhokama deyarli bir oy davom etdi.
LiveBarchasi