Aliyev va Pashinyanning Bryusseldagi muzokaralaridan yaxshi natijalar kutilmoqda
Olam
−
15 may 2023
3185Baku va Yerevan Ozarbayjonning Naxchivan Muxtor Respublikasi bilan segmentda temir yo‘l aloqasini tiklash masalasi bo‘yicha kelishuvga yaqin turibdi. Bu haqda Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar Janubiy Kavkazda transport va iqtisodiy aloqalarni qayta tiklash bo‘yicha muloqotda sezilarli yutuqlarga erishgan.
“Jamoalarga temir yo‘l aloqasini ochish shartlari bo‘yicha kelishuvni yakunlash topshirildi”, deya tushuntirgan Yevropa Kengashi rahbari.
Sharl Mishelning aytishicha, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Bryusselda beshinchi uchrashuvini o‘tkazgan. Mishel ikki davlat rahbarlarining Janubiy Kavkazda tinchlik o‘rnatish uchun umumiy irodasi mushtarak ekanini ta’kidlagan.
Shuningdek, u “Vashington muzokaralari doirasidagi jadallikni saqlab qolish”ning muhimligiga ishora qilib, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarining davlat chegarasidagi muzokaralarni davom ettirish masalasida bir xil pozitsiyada ekanini bildirgan. Bundan tashqari, u yaqin haftalarda mahbuslarni qo‘shma asosda ozod qilish zarurligi to‘g‘risida fikr borligini ma’lum qilgan.
“Yevropa Ittifoqining yashirin kun tartibi yo‘q. Bizning yagona maqsadimiz keng va adolatli tinchlikka erishishga yordam berishdir”, dedi u.
Mishelning qo‘shimcha qilishicha, iyul oyida Ozarbayjon va Armaniston rahbarlarining navbatdagi uchrashuvi rejalashtirilgan.
Biroq yetakchilari Bryusselda muzokaralar bilan band bo‘lgan ikki davlat chegarasida yana to‘qnashuv yuz bergan. Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, kecha, 14 may kuni Armaniston qurolli kuchlari chegaradosh Kalbajar viloyati yo‘nalishida Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini o‘qqa tutgan.