Aliyev o‘tirib chiqqan 7 yilining alamini kimdan olmoqchi?

Tahlil

image

Xalq orasida “Oltin qiroli” nomini olgan ozar millatiga mansub o‘zbekistonlik zargar Ahmed Aliyev Jasliqdagi koloniyada 7 yil jazo o‘tashiga sabab bo‘lgan jinoyat ishi uydirma ekanini iddao qilmoqda. Bu haqda u Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

“Biror kishini qamash uchun faqatgina ko‘rsatmaning o‘zi yetarli bo‘lgan davrlar edi. Hatto, Stalin davrida ham bunday bo‘lmagan. Meni 23 ta modda bilan ayblashdi. Sizlarni ishontirib aytamanki, 23 ta moddaning har biri uchun menda va advokatlarimda aybsizligimni isbotlovchi dalillar bor. Yana bir bor aytaman: ish (tahr. jinoyat ishi) 100 foiz to‘qib chiqarilgandi”, dedi zargar Aliyev.

Shundan so‘ng, Ahmed Aliyev so‘zida davom etib, jinoyat ishi ochilishiga sabab bo‘lgan omillarni aytib o‘tdi.

“Men zargarlik bisnesi yetakchilaridan bo‘lganim uchun O‘zbekistonga zargarlik bisnesi muammolari va ularni yechish yo‘llari to‘g‘risida konsepsiya yozganman. Konsepsiyani statistik ma’lumotlarga tayanib ishlab chiqqanman. Masalan, O‘zbekistonning tayyor zargarlik buyumiga bo‘lgan ehtiyoji 15 tonna bo‘lgan. Men 2010 yilda mamlakatda qancha oila qurilgani haqidagi ma’lumotlarni oldim. So‘ng ikkita nikoh uzugi og‘irligi o‘rtacha 6 gramm (4 gramm ayollar uzugi, 2 gramm erkaklar uzugi) bo‘lishini inobatga olib, uni nikohlar soniga ko‘paytirgandim 200 tonna chiqdi. Keyin Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Sadirxon Nosirovning (tahr. 2006-2011 yillarda DBQ raisi) oldiga borib, 2010 yilda O‘zbekistonga qancha oltin import qilingani haqida ma’lumot oldim. Bilasizlarmi, men “shok”ka tushdim: 127 gramm, ha, ha gramm. Kilogramm emas. Yiliga 15 tonna oltin O‘zbekistonga qayerdan kelyapti? Tushunyapsizmi, bu 100 foizlik kontrabanda degani. O‘zbekiston oltin qazib oluvchi mamlakat, bizda Mendelev davriy jadvalidagi barcha elementlar bor. Bizda odamlar 15 tonna sifatsiz mahsulotni kontrabanda yo‘li bilan ikki baravar qimmat narxga olib kelgan. Bularni ko‘rganimda hayratda qoldim”, deb iddao qildi Ahmed Aliyev.

O‘zbekistonda zargarlik bilan shug‘ullanuvchi hunarmandlar juda ko‘p. Mamlakatda ko‘p yillar davomida aynan o‘sha zargarlar yasagan tilla buyumlar aholi talabini qondirib kelgan. Bundan tashqari, davlat xorijdan kelayotganlarga o‘zi bilan ma’lum miqdorda tilla olib kirish huquqini bergan. O‘zbekistonga kirgan oltinning 100 foizi kontrabanda mahsulot bo‘lganiga ishonish qiyin. Yiliga bir necha million o‘zbekistonlik xorijga chiqishini hisobga olsak, ular o‘zi bilan olib kelgan oltinlar oz miqdorni tashkil qilmaydi. O‘zbeklar azaldan oltinsevar xalq bo‘lgan. Muomaladagi qimmatbaho metallning salmoqli qismi ham aholi qo‘lidagi tillaga to‘g‘ri kelgan, deyish mumkin. Ba’zilar an’ana tarzda nikohlarda oila uzugidan, ya’ni ota-bobolardan qolgan merosdan foydalangan.

Zargarning so‘zlariga ko‘ra, u yozgan konsepsiya hibsga olinishiga turtki bo‘lgan. Negaki u sohadagi mavjud muammolarni bartaraf qilish yo‘llarini ham ishlab chiqqan. Ajabo tadbirkor o‘z konsepsiyasida o‘zbeklar xarakterini, ularning tilla bilan muomala qilishda shakllangan madaniyatini ham hisobga olganmikin. Zargarlik bilan shug‘ullanuvchi milliy hunarmandlar tayyorlayotgan zargarlik buyumlarining iste’molga chiqarilgan umumiy tilla buyumlaridagi ulushinichi?

“Men mana shu 15 tonna oltin ortida kim turgani, undan kim manfaatli ekanini bilmasdim. Yodingizda bo‘lsa, zargarlik do‘konlarini yopish, mulklarni musodara qilish boshlandi. Faqatgina “Gold Centre” tekshirilmadi. Bu voqealar ortidan “bularning hammasini Aliyev buyurtma bergan”, degan mish-mishlar tarqaldi. Men kimmanki, MXX, Bosh prokuratura, IIVga buyurtma bersam. Keyin bildimki, qarmoq ancha avval va juda ustaomonlik bilan tashlangan ekan”, deb o‘z fikrini ilgari surdi Aliyev.

Tadbirkor o‘zining zargarlik biznesi qanday qilib qo‘lidan ketgani haqida gapirib, kompaniyasi “Gold Centre” majmuasini qurish uchun bankdan 5 mlrd so‘m kredit olganini ma’lum qildi. O‘sha vaqtda yillik qayta moliyalash stavkasi 23 foiz bo‘lgan. Aliyevga tegishli “Aliyev Zargari” kompaniyasi “Gold Centre”ni “Kapitalbank”ga tegishli va Maqsud Abdusamatov shaxsidagi lizing kompaniyasiga 5 mlrd so‘mga sotgan. Bankdan olgan kreditini esa 2,5 yil davomida belgilangan tartibda to‘lab borgan. Aliyevnning iddaosicha, biroz vaqt o‘tib, o‘rtadagi shartnomani buzishga urinish boshlangan.

“Ular kelishuvni buzishga urina boshladi. Bank kredit berayotganda birinchi navbatda mijoz uni to‘lay olishiga e’tibor qaratadi. Men 100 foiz to‘lay olardim. Ularga ijara shartnomalarini ko‘rsatdim. Menda hatto foyda ham qolayotgandi. Ammo menda “fors major” yuz berdi. Men Maqsud Abdusamatov, lizing kompaniyasi direktori, ularning yuristlari bilan uchrashdim. O‘sha yili “Tadbirkorlar yili” edi. Ularga “foizlarni pasaytiring demayman. Meni 2,5 yilim bor shunga kreditni to‘lash jadvalini o‘zgartirib beringlar” dedim. Bu juda sodda jarayon edi”, deydi Aliyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shundan so‘ng lizing kompaniyasi sudga murojaat qilgan. Sud esa shartnomani bekor qilish to‘g‘risida qaror chiqargan. Shundan so‘ng, “Kapitalbank”dan ranjigan tadbirkor boshqa banklardan uning kreditlarini sotib olishni so‘rab murojaat qilgan. Biroq buning uddasidan chiqmagan. Chunki, Aliyevning aytishicha, Markaziy bankning o‘sha vaqtdagi raisi Fayzullo Mullajonovning o‘rinbosari bank raislariga Aliyevga rad javobini berishni tayinlagan. Oxir-oqibat Aliyevning kreditlarini sotib olishga rozi bo‘lgan “Agrobank” ham so‘nggi onda kredit berishdan bosh tortgan.

Rivojlangan davlatlarda ham bergan pulini undirish bankning asosiy maqsadi hisoblanadi. Bank mijozi uning kreditini to‘lay olmasligiga ishonch hosil qilsa, garovdagi mulk bilan o‘z zararini qoplashga harakat qiladi. Bu amaliyot yillar davomida sinovdan o‘tgan. Shunday ekan, Aliyevga kredit bergan bank nega o‘z mablag‘larini xavfga qo‘yishi kerak. Yana bir narsa, biror tadbirkorning “sinayotgani”ni ko‘rgan uncha-muncha bank unga kredit bermaydi, o‘zini olib qochadi. Negaki, pullarning qaytish ehtimoli past bo‘ladi. Bu o‘rinda Markaziy bank amaldori yoki boshqa biror tijorat bankini ayblash qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi?

“Men kreditni yopish uchun 6 mlrd so‘m topdim. Do‘stlarim menga yordam berishdi. Ammo menga pullarni to‘lashga qo‘yishmadi. Menda kreditni to‘liq yopish uchun hali 2,5 yil bor edi. Ammo men kredit masalasini to‘la hal qilishni istayotgandim. Ular men bilan o‘yin o‘ynadi. Meni mushukcha kabi burchakka siqishtirishdi. Hamma yo‘llarimni to‘sishdi. Bunga isbotim bor. Ular menga “muammoni hal qilamiz, o‘rganyapmiz. Hozircha bino qo‘riqchilari biz bilan hamkorlik qilsin” deb, tilla saqlanadigan bunkerga burun suqa boshladi. Ular qanday asosda tilla bunkerini qo‘lga oladi?”, deydi tadbirkor.

Ahmed Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, kreditorlar uning biznesiga, umumiy qiymati 23 mlrd so‘mga teng “Gold Centre” savdo majmuasi va undagi mol-mulkiga ko‘z tikkan. Shuningdek, bu ishlarning bari 23 mlrd so‘mlik mulk uchun emas, Aliyev ishlab chiqqan zargarlikni rivojlantirish konsepsiyasi va unda ko‘rsatilgan raqamlar, ya’ni, o‘zi yo‘q taxminiy daromadda bo‘lgan. Go‘yoki, ba’zilarning o‘sha raqamlarni ko‘rib ishtaxasi ochilib ketgan. Unga o‘zi qurgan “Gold Centre”da 5 ming dollar oylikka ishlash va bir necha foizini o‘zida saqlab qolish hamda o‘zi ishlab chiqqan konsepsiya foydasidan hissa berish taklif qilingan. Aliyev bunga rozi bo‘lmagan.

Ahmed Aliyev qo‘lga olinishi, ungacha bo‘lgan muzokaralar va muzokarachi haqidagi hikoyasini ham so‘zlab berdi.

“Men bilan muzokara olib borgan odam kim edi? U Maqsud Abdusamatovning Rahim Mamajonov ismli odami edi. U bilan suhbatimiz davomida, menga Milliy xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov nomidan gapirgandi. U menga dushman emasligini aytib, ko‘plab familiyalarni sanadi va ularning taklifini qabul qilishimni tavsiya qildi. Rad qilish axmoqlik bo‘lishini aytdi”, deydi Aliyev.

Ta’kidlanishicha, keyinchalik tergov davomida Rahim Mamajonov Aliyev qo‘lini cho‘ntagiga tiqib, qurol olmoqchi bo‘lgan deb, ko‘rsatma bergan. Ammo qurolni hech kim ko‘rmagan va u keyin ham topilmagan. Biroq, Aliyevning iddaosida savol tug‘diradigan bir jihat bor. Tadbirkor qanday faktlarga asosan Rahim Mamajonovni Maqsud Abdusamatovning odami deb aytyapti? Bu ma’lumot kishini biroz shubhalantirishi turgan gap.

Aliyev shundan so‘ng Rahim Mamajonovdan O‘zbekistonda davlat to‘ntarishi tayyorlanayotganini eshitgani va avvalboshida bunga ishonmagani, shunchaki, do‘q-po‘pisa deb o‘ylagani haqida so‘zlab berdi.

“Men dastlab ishonmadim. Shunchaki qo‘rqitishyapti deb, o‘yladim. Undan menga shunday narsani aytishga qo‘rqmaysanmi deb so‘ragandim “Ahmed Mahmudovich menga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shunday deyishni buyurishgan ekan, demak qo‘rqishmaydi”, deb javob berdi. Men buni Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga yetkazishimni aytdim. Ammo hamon bunga ishonmasdim”, dedi Ahmed Aliyev.

U MXXdan bo‘lgan kuratoriga bog‘lanishga harakat qilib, buning uddasidan chiqolmay, uning o‘zini ko‘chada ko‘rib qolganida  to‘ntarish haqidagi gaplarga ishona boshlagan. Negaki kurator u bilan gaplashishni istamagan va unga Aliyev bilan aloqaga chiqmasik buyurilganini aytgan.

“Men o‘zimning italiyalik hamkorlarim bilan uchrashish uchun ketayotgandim. Uchrashuv Olma-otada bo‘lishi kerak edi. Ammo men unga “Olma-otada emas, Chimkentta uchrashaylik, meni bu yerda muammolarim bor. Odamlarim seni kutib oladi. Chimkentta uchrashamiz va men Toshkentga qaytaman”, dedim. Chimkentga ketayotganimda meni hibsga olishdi va MXX tergov izolyatoriga qamashdi. U yerda men birinchi navbatda davlat darajasiga molik axborotim borligini shu sababdan rahbariyat bilan uchrashishim kerakligini aytdim. 4 kundan keyin meni qabul qilishdi. Men bilan surbet, kamida polkovnik bir odam uchrashdi. Kirishim bilan menda davlat darajasida muhim axborot borligini aytdim. Qizig‘i hali biror ismni tilga olmasimdan u menga so‘kib, “ha, ozar nega Rahimni gapiga quloq solmading. Quloq solganingda bu ahvolda bo‘lmasding. Sen xudodan meni o‘lib ketishimni so‘ra”, dedi. Men ham so‘rayman deb, javob qaytardim. U esa meni “Jasliq”qa tiqishi va u yerda meni o‘ldirishini aytdi”, deydi Aliyev.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, ertasi kuni o‘sha yerdagi mahbuslar uni kaltaklagan. Aliyevning qiynashgan, boshi yorilgan, burni va qovurg‘alari singan.

“Sudda mening qo‘riqchi bo‘lib ishlagan xodimlarimdan biri yig‘lab sudya va prokuror oldida “Ahmed aka meni kechiring. Meni qiynashdi dosh berolmadim. Sizda qurol bo‘lganini aytdim” dedi. Bizda hozir sudlar, tergov jarayoni va koloniyalarda bo‘lgan qonunsizlikni aytishga vaqtimiz yetmaydi”, deydi Aliyev.

Ta’kidlanishicha, sudda 9 kishi qamalgan. Aliyev 20 yilga, qolganlar kamroq muddatga. Ammo eng kam jazo 16 yil bo‘lgan.

“Asosiy shaxs Shuhrat G‘ulomov bo‘lgan. Muzokarachining so‘zlariga ko‘ra, G‘ulomov davlat to‘ntarishining boshida bo‘lgan. Tushunayotgan bo‘lsangiz kerak, qamalgan yuqori martabali amaldorlarning bari davlat to‘ntarishiga aloqador bo‘lgan. Menga qarshi ko‘plar yolg‘on ko‘rsatma bergan. Chunki tergov ularga bosim o‘tkazgan. Bularning bari tergov ishida ko‘rsatilgan. Bularni isbotlasa bo‘ladi”, deb ta’kidladi Aliyev.

Tadbirkor barchasida Shuhrat G‘ulomovni ayblab, uning va do‘stlarining tergovi bo‘yicha alohida guruh tuzilganini ma’lum qildi. Guruh MXX nazoratida bo‘lgan, unga Bosh prokuratura bo‘lim boshlig‘i bo‘lgan Ulug‘bek Sunnatov, Ulug‘bek Xurramov, Azamat Rahmatov ham kirgan.

“U odamlarning barchasi, shu jumladan, Bosh prokuror Rashid Qodirov qamoqda o‘tiribdi”, deb Aliyev o‘z fikrini yakunladi.

Ha, zargar Ahmed Aliyev 7 yil umrini “Jasliq”da o‘tkazdi. O‘zi aytganidek, qamalishiga sababchi bo‘lganlar hozir jazosini o‘tayapti. Shuhrat G‘ulomov davlatga xoinlikda ayblanib, umrbodga “kesildi”. Sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirov va uning sheriklari ham qamoqda.

Aliyev tilga olgan shaxslar jamoatchilik nigohida nomi “qora” bo‘lgan va ko‘plab jinoyatlarning ishtirokchisi sifatida shakllangan. Shunday ekan, Ahmed Aliyev ularni eslab, yanada qoralab, nimaga erishmoqchi? Yoki “Jasliq”dagi yetti yilning alamini olish uchun “qurbon” qidiryaptimi?

Agar unga nisbatan nohaqlik qilingan, deb hisoblasa, sudga murojaat qilib, huquqlarini tiklashi mumkin. Sud unga tuxmat qilganlarga tegishli jazo tayinlaydi. Jamoatchilik unuta boshlagan kishilarni yana kun tartibiga chiqarishga ne hojat?


Maqola muallifi

Teglar

Ahmed Aliev Oltin qiroli

Baholaganlar

368

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing