Aliyev Rossiya Qorabog‘ bo‘yicha bergan kafolatini bajarmaganini aytdi
Olam
−
16 iyul 2022
7176Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Rossiyani Tog‘li Qorabog‘dagi tinchlik kelishuvlari kafolatlarini buzganlikda aybladi. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.
Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston o‘t ochishni to‘xtatish deklaratsiyasida nazarda tutilgan Qorabog‘ hududidan haligacha o‘z qo‘shinlarini olib chiqmagan va Rossiya tinchlikparvar kuchlari buni ma’qullamoqda.
Bir necha oy oldin RF Mudofaa vazirligining yuqori mansabdor shaxslari Ozarbayjonda bo‘lganlarida, bizning Mudofaa vazirligimizga iyun oyigacha arman harbiylari Qorabog‘ni tark etishini va’da qilishgan edi. Hozir allaqachon iyul oyining o‘rtalari, ammo bu masala hal qilinmagan.
Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Aliyevning bayonotlariga hozircha izoh bermadi.
Qorabog‘ urushi
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10-siga o‘tar tunda “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
LiveBarchasi