Aliyev qurolli to‘qnashuv bo‘yicha murojaat bilan chiqdi

Olam

image

Bugun, 27 sentyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston qurolli kuchlari o‘rtasida sodir bo‘lgan va davom etayotgan qurolli to‘qnashuv xususida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat qildi. Uning murojaati barcha mahalliy telekanallari orqali namoyish etildi. 

Ozarbayjon armiyasi dushmanga qattiq zarba berayapti, deydi Prezident Ilhom Aliyev xalqqa murojaatida. 

"Hozirda Ozarbayjon armiyasi dushmanning harbiy pozitsiyalariga zarbalar bermoqda va ushbu zarbalar natijasida dushmanning ko‘plab harbiy texnikalari yaroqsiz holga keltirildi", deydi Ozarbayjon Qurolli Kuchlari Oliy qo‘mondoni. 

Davlat rahbari Armaniston azaldan Ozarbayjonni ataylab provokatsiya qilib kelganini esladi. 

Prezidentning aytishicha, bugun, 27 sentyabr kuni ertalab Armaniston Ozarbayjonga qarshi navbatdagi harbiy provokatsiyani boshlagan. 

Uning qayd etishicha, Armaniston qurolli kuchlari turli xil qurollardan, shu jumladan og‘ir artilleriyadan foydalangan holda bir necha yo‘nalishlardan aholi punktlariga, bir vaqtning o‘zida harbiy pozitsiyalarga qarata o‘q uzgan. Ozarbayjonning tinch aholisi va harbiy xizmatchilari orasida qurbonlar va yaradorlar bor. 

Rasmiy Yerevan esa qurolli hujum Ozarbayjon tarafidan boshlanganini aytib kelmoqda. 

“Ozarbayjon hech qanday provokatsiya qilmadi. Biz o‘z hududimizda jang qilmoqdamiz. Bugun Ozarbayjon armiyasi, Ozarbayjon yerlarida, dushmanga qattiq zarba berayapti”, deydi Ilhom Aliyev Yerevanga javoban.

Davlat rahbari, agar xohlasa, Ozarbayjon tomoni janglarni Armaniston hududiga o‘tkazishi mumkinligini ta’kidladi: "Ammo Armaniston hududida bizning harbiy maqsadlarimiz yo‘q". 

Eslatib o‘tamiz, rasmiy Bakuga ko‘ra, Terter mintaqasidagi Gapanli qishlog‘i, Agdam viloyatining Chiragli va O‘rta Gervend qishloqlari, Fizuli viloyatining Alxanli va Chukurbeyli qishloqlari va Jebroil viloyatining Jojug Marjanli qishlog‘iga Armaniston tomonidan intensiv o‘q otilgan. Natijada tinch aholi orasida o‘ldirilgan va yaralanganlar bor. Fuqarolik infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazilgan.

Mazkur holatga nisbatan allaqachon Rossiya va Turkiya Tashqi ishlar vazirliklari munosabat bildirdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Ozarbayjon-Armaniston Qurolli to'qnashuv Qorabog' to'qnashuvi

Baholaganlar

475

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing