Aliyev Fransiyaning qo‘li qonga botganini aytib, gap bilan “savaladi”

Olam

image

Fransiya nafaqat o‘zining sobiq va hozirgi mustamlakalarida, balki Janubiy Kavkazda ham barqarorlikni buzadi, u yerda separatizm tendensiyalari va separatistlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning “Dekolonizatsiya: Ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish va rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga murojaatida so‘z borgan.  

“U militaristik siyosat olib bormoqda, Armanistonni qurollantirmoqda, Armanistondagi revanshist kuchlarni rag‘batlantirmoqda va mintaqamizda yangi urushlarni boshlash uchun zamin tayyorlamoqda. Ayni paytda Fransiya BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatidagi maqomini suiiste’mol qilib, o‘zining noxolis, adolatsiz siyosatini olib bormoqda, turli mintaqalarda geosiyosiy intrigalar uyushtirmoqda, G‘arb tashkilotlaridan davlatlarga bosim o‘tkazish vositasi sifatida foydalanishga harakat qilmoqda”, deydi davlat rahbari. 

Prezidentning bildirishicha, Ozarbayjon Respublikasi Qo‘shilmaslik Harakati raisi sifatida insoniyat uchun dolzarb bo‘lgan masalalarga doimo alohida e’tibor berib, xalqlar duch kelayotgan adolatsizliklarni bartaraf etish borasida samarali ishlarni amalga oshirib kelgan. 

“Shu munosabat bilan “ayol” va “mustamlakachilik” mavzularini uyg‘unlashtirish, mustamlakachilikdan chiqarish jarayonida ayollarning rolini kuchaytirish davr talabidir. Afsuski, XXI asrda ham ayollar mustamlaka qilingan yerlarda qullik va ekspluatatsiyaga uchramoqda, bu esa ular asosiy inson huquqlaridan mahrum bo‘lganini bildiradi”, dedi u. 

Aliyevning qayd etishicha, Fransiya hozirda 13 ta dengiz hududini o‘z mustamlakalari sifatida boshqarmoqda, shuningdek, dunyoning turli qit’alarida joylashgan sobiq mustamlakalarining ichki ishlariga aralashib, mustaqillik uchun kurashayotgan xalqaro tashkilotlar va xalqlarning uzoq muddatli talablariga qaramay, neokolonializm siyosatini davom ettirmoqda.

Ozarbayjon rahbarining murojaatida “insoniyatning mustamlakachilik tarixidagi qonli jinoyatlarning aksariyati” Fransiya tomonidan sodir etilganiga ham e’tibor qaratilgan. 

“Men Qo‘shilmaslik Harakati raisi sifatida Fransiya bosib olgan mamlakatlarda insoniyatga qarshi ko‘plab jinoyatlar va vahshiyliklarni aniq faktlar bilan bir necha bor sanab o‘tganman. Fransiya tomonidan Jazoir, Marokash, Tunis, Mali, Jibuti, Nigeriya, Chad, Senegal, Benin, Kot-d'Ivuar, Markaziy Afrika Respublikasi, Gabon, Togo, Kamerun, Vetnam, Komorlar Ittifoqi, Gaiti va boshqa mamlakatlarda bir necha million begunoh insonlar, jumladan ayollar va bolalar o‘ldirilgan. 1994 yilda Ruandada tutsi qabilasining 800 mingdan ortiq a’zosi o‘ldirilgani uchun ham Fransiya katta mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi”, deydi Prezident. 

Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon mustamlakachilikka qarshi ozodlik uchun kurashayotgan xalqlarni qo‘llab-quvvatlaydi. 

“Neokolonializm tendensiyalariga parallel ravishda biz Fransiyada ham keng tarqalgan irqchilik, ksenofobiya va islomofobiyani ko‘ramiz. Fransiya hukumati mamlakat ichidagi bunday xavotirli va xavfli tendensiyalarga qarshi kurashish o‘rniga boshqa davlatlarga nasihat qilishga urinmoqda. Yaqinda fransuz qo‘shinlarining Mali, Niger va Burkina-Fasodan chiqarib yuborilishi uning Afrikadagi shafqatsiz neokolonializm siyosati barbod bo‘lishga mahkum ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. O‘zining mustamlakachilik tarixidan uyalishi kerak bo‘lgan, qonli jinoyatlarga boy bo‘lgan Fransiya o‘zi qilgan vahshiyliklari uchun uzr so‘rash o‘rniga boshqa mamlakatlardagi uydirma etnik tozalashlar haqida g‘iybat qilmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan Aliyev. 

Qo‘shilmaslik Harakati 1961 yilda Sovuq urush qarama-qarshiligi sharoitida rivojlanayotgan mamlakatlar manfaatlarini himoya qilish uchun tuzilgan. Harakat tashkil etilganidan keyingi dastlabki uch o‘n yillikda dekolonizatsiya jarayonlarini rag‘batlantirish, yangi mustaqil davlatlarning shakllanishi, xalqaro munosabatlarni demokratlashtirishda muhim rol o‘ynadi. Bugungi kunda Qo‘shilmaslik Harakatiga 120 ta davlat a’zo. 2019-2023 yillarda Ozarbayjon Qo‘shilmaslik harakatining raisi hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Ozarbayjon Ilhom Aliev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing