Aliyev Erdo‘g‘an bilan Ozarbayjon va Armaniston munosabatlarini muhokama qildi

Olam

image

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Anqarada Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Bu haqda Ozarbayjon rahbarining Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Anqaradagi Prezidentlik saroyida Ozarbayjon Prezidenti nomiga faxriy qorovul saf tortgan. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevni kutib olgan. Davlat rahbarlari birgalikda suratga tushgan.

Shundan so‘ng Erdo‘g‘an Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining navbatdan tashqari sammitini Turkiyada o‘tkazish tashabbusi uchun Ozarbayjon Prezidentiga minnatdorlik bildirgan. Tomonlar turkiy davlatlar sammiti formatining ahamiyati va tadbir Turkiyadagi zilzila oqibatlarini yumshatishga bag‘ishlanganini ta’kidlagan.

Erdo‘g‘an Ozarbayjonning Turkiyadagi dahshatli zilziladan so‘ng darhol ko‘rsatgan birodarlik yordami va birdamligini eslagan. Turkiya yetakchisi Ozarbayjon qutqaruvchilari va shifokorlarining zilziladan jabr ko‘rgan hududlardagi sa’y-harakatlarini, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun mamlakatning ko‘rsatgan insonparvarlik yordamini yuqori baholagan.

O‘z o‘rnida, Ilhom Aliyev zilzila munosabati bilan yana bir bor hamdardlik bildirgan hamda Ozarbayjon xalqining tabiiy ofatdan qattiq larzaga tushganini aytgan.

Shuningdek, suhbat chog‘ida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish, tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralar jarayoni haqida ham fikr almashilgan.

Kecha, 15 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashgan edi. Shu kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ham Anqara shahrida Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi. 

Eslatib o‘tamiz, bugun, 16 mart kuni Turkiya poytaxti Anqarada Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar Davlat rahbarlarining navbatdan tashqari sammiti bo‘lib o‘tadi. Sammit Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev tashabbusi bilan o‘tkazilmoqda. Sammit dasturi yakunida davlat rahbarlari Anqara deklaratsiyasini imzolaydilar.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Ozarbayjon Ilhom Aliev Erdo'g'an Ozarbayjon-Armaniston Turkiy Davlatlar Tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing