Aliyev Baydenning arman voqealarini “genotsid” deb ataganiga javob qaytardi
Olam
−
29 aprel 2021
6746Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev AQSH Prezidenti Jo Baydenning 1915 yildagi armanlar bilan bog‘liq voqealarni “genotsid” deb atashidan xavotir bildirdi.
Ozarbayjon Prezidenti Matbuot xizmatining xabar qilishicha, Aliyev AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan telefon orqali suhbat chog‘ida tegishli bayonot bilan chiqqan.
Shuningdek, ular Ozarbayjon tomonidan amalga oshirilayotgan energetika loyihalari, Qorabog‘dagi voqealar, shuningdek, YeXHT Minsk guruhining keyingi faoliyatini muhokama qilgan.
“Turkiya Ozarbayjonning yaqin do‘sti va ittifoqdoshidir. Ushbu mamlakat mintaqadagi urushdan keyingi davrda juda muhim va ijobiy rol o‘ynaydi. Baydenning so‘zlari Ozarbayjon rahbariyati va jamoatchiligini tashvishga solib qo‘ydi”, deydi davlat rahbari.
Entoni Blinken “Ozodlikni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan 907-tuzatish bu yil ham vaqtincha to‘xtatilganini ta’kidlagan. Prezident Ilhom Aliyev bu borada minnatdorlik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jo Bayden XX asr boshida Usmonli imperiyasida yuz bergan xunrezlikni arman genotsidi deb tan olgandi.
Keyinroq Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li rasmiy Anqara bu bayonotni rad etishini ma’lum qildi. Amerikaning Turkiyadagi elchisi TIVga chaqirtirilib, unga norozilik bildirildi.
Shuningdek, AQSHning Turkiyadagi elixona va konsulxonasi ehtimoliy noroziliklar sabab faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi.
Voqea tan olinishidan avval Ozarbayjon Prezidentining yordamchisi Hikmet Hojiyev AQSHni arman genotsidi bo‘yicha tarixiy xatoga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgandi.
LiveBarchasi