Alisher Navoiy ordeni ta’sis etiladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarori imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi. Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam o‘rin egalladi.

So‘nggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning o‘lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, shoir tug‘ilgan qutlug‘ 9 fevral sanasini har yili adabiyot va ma’rifat bayrami sifatida yuksak darajada nishonlash an’anasi qaror topdi. Ulug‘ so‘z san’atkorining asarlari muntazam nashr etilib, navoiyshunoslik sohasida ko‘plab tadqiqotlar olib borilmoqda, respublika va xalqaro miqyosda ilmiy anjumanlar o‘tkazilmoqda.

Shu bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilgani, mamlakatimiz hamda bir qator xorijiy davlatlarda haykallari o‘rnatilgani, asarlar to‘plami to‘liq nashrdan chiqarilgani, poytaxtimiz markazidagi ulug‘ bobomizning muazzam me’moriy yodgorligiga mutanosib ravishda Adiblar xiyoboni barpo etilgani madaniy hayotimizdagi ulkan voqealarga aylandi.

Jonajon Vatanimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning butunlay yangi bosqichiga qadam qo‘yib, yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan bugungi kunda Alisher Navoiyning bezavol adabiy merosi misolida o‘zbek adabiyoti va madaniyatini chuqur o‘rganish va ommalashtirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Alisher Navoiy asarlarida teran ifoda topgan milliy va umuminsoniy g‘oyalarning jahon tamaddunida tutgan o‘rnini hamda o‘sib kelayotgan yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ular qalbida yuksak axloqiy fazilatlarni tarbiyalashdagi beqiyos ahamiyatini nazarda tutib, shuningdek, ulug‘ shoir va mutafakkirning adabiy-ilmiy merosini mamlakatimizda va xalqaro miqyosda yanada chuqur tadqiq qilish va keng targ‘ib etish maqsadida:

1. Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda keng jamoatchilik vakillarining 2021 yilda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

2. Quyidagilar:

Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda – chora-tadbirlar dasturi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Tashkiliy qo‘mitaga Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash doirasida o‘tkaziladigan tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etish, mazkur qaror va chora-tadbirlar dasturining o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq amalga oshirilishini muvofiqlashtirib borish vazifalari yuklatilsin.

3. Vazirlar Mahkamasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

Alisher Navoiy hayoti va ijodini mamlakatimiz va xalqaro miqyosda keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasini ishlab chiqsin;

Alisher Navoiyning ijodiy merosini chuqur o‘rganish va ommalashtirishga ulkan hissa qo‘shgan mamlakatimiz va xorijiy davlatlar fuqarolarini hamda ilmiy-ijodiy muassasalarini taqdirlash maqsadida Alisher Navoiy ordenini ta’sis etish yuzasidan taklif kiritsin;

Afg‘oniston Islom Respublikasining Hirot shahridagi Alisher Navoiyning maqbarasi majmuasida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganib chiqsin va natijasi bo‘yicha taklif kiritsin.

4. Madaniyat vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi, Davlat bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda xorijiy davlatlarda saqlanayotgan Alisher Navoiy qalamiga mansub va u yashagan davrga oid qo‘lyozmalarning faksimile nusxalarini mamlakatimizga olib kelish choralarini ko‘rsin.

5. Fanlar akademiyasi:

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2020-2021 yillar davomida Alisher Navoiyning qo‘lyozmalari asosida shoir asarlarining mukammal ilmiy nashrini yaratish ishlarini amalga oshirsin;

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2020 yil dekabrga qadar Alisher Navoiy ijodiy merosining sharhini yaratish ishlarini yakuniga yetkazsin hamda ularni “Navoiy va yoshlar” maxsus dasturiда joylashtirish uchun Yoshlar ishlari agentligiga taqdim etsin;

Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyida 2021 yil noyabr oyida Alisher Navoiy yashagan davr, shoir hayoti, ijodi, adabiy muhiti, ustozlari, zamondoshlari va izdoshlari haqida hikoya qiluvchi, asarlarining qo‘lyozma va nashr nusxalari to‘g‘risida ma’lumot beruvchi adabiy-badiiy ko‘rgazmani tashkil etsin.

6. Innovatsion rivojlanish vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Alisher Navoiy hayoti va ijodiy merosini tadqiq etish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq ilmiy loyihalar tanlovini e’lon qilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 2021 yil oxiriga qadar O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Alisher Navoiy asarlari hamda navoiyshunoslik fani bo‘yicha amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarning elektron платформасини yaratsin.

8. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi Alisher Navoiy asarlarini uzluksiz o‘qitish концепциясини ishlab chiqsin hamda 2021/2022 o‘quv yilidan barcha ta’lim muassasalarida shu asosda o‘qitishni yo‘lga qo‘ysin.

9. Yoshlar ishlari agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020 yil dekabrga qadar quyidagi masalalarni o‘z ichiga olgan “Navoiy va yoshlar” maxsus dasturini ishlab chiqsin va amalga oshirsin:

umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Navoiy vorislari” g‘azalxonlik tanlovi, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilari o‘rtasida “Navoiyni anglash” mavzusida insholar tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash;

beshta muhim tashabbus doirasida yosh dasturchilarni keng jalb etgan holda Alisher Navoiy asarlarining mobil ilovalarini yaratish va ularni yoshlar o‘rtasida ommalashtirish.

10. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi va Toshkent shahar hokimligining 2021 yilda Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabini tashkil etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.

11. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Navoiy viloyati va Toshkent shahar hokimliklari tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil noyabr oyining birinchi o‘n kunligida Navoiy shahrida “Alisher Navoiy ijodiy merosining bashariyat ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani hamda Toshkent shahrida Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-badiiy anjumanni yuqori saviyada o‘tkazsin.

12. Madaniyat vazirligi 2021 yilda Alisher Navoiy hayoti va asarlari asosida yangi spektakllar yaratish hamda “Navoiy siymosi va asarlari sahnada” respublika teatrlarining festivalini o‘tkazish, shoir g‘azallari asosida “Nazm va navo” kechalarini, maqom tanlovlarini tashkil etishni ta’minlasin.

13. “O‘zbekkino” milliy agentligi 2021 yil davomida Alisher Navoiy asarlari asosida badiiy va multiplikatsion filmlar, shoir hayoti va ijodi bilan bog‘liq yangi ma’lumotlar va manbalar asosida to‘liq metrajli badiiy-publitsistik film yaratish choralarini ko‘rsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Moliya vazirligi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2021 yilda “Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi” rukni ostida shoir asarlari, uning hayoti va ijodi haqidagi ilmiy va ommabop kitoblar turkumini chop etish choralarini ko‘rsin.

15. Tashqi ishlar vazirligi 2021 yildan boshlab muntazam ravishda:

Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi va boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etish;

chet elda istiqomat qilayotgan o‘zbek tili mutaxassislari, tarjimonlarni jalb etgan holda Alisher Navoiyning asarlarini chet tillarga tarjima qilishnashr etish va xorijiy mamlakatlarda taqdimotlarini o‘tkazish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirsin.

16. Moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi binosini to‘liq rekonstruksiya qilish, yangi zamonaviy ekspozitsiya yaratish, zarur texnik va ashyoviy jihozlar bilan ta’minlash uchun kerakli mablag‘lar ajratish choralarini ko‘rsin hamda 2021 yil oktyabrga qadar ta’mirlash ishlarini yakuniga yetkazsin.

17. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va Respublika “Hunarmand” uyushmasi 2021 yil fevral oyida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan tasviriy san’at asarlari, miniatyuralar, xalq amaliy san’ati namunalari ko‘rgazmalarini o‘tkazsin.

18. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish, shoir asarlari asosida maxsus ko‘rsatuv va eshittirishlar, o‘quv-ma’rifiy filmlar yaratish tavsiya etilsin.

19. Mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib Davlat byudjeti mablag‘lari, tashkilotchilarning o‘z mablag‘lari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.

20. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Navoiy

Baholaganlar

13

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing