Alimentdan qarzdorlarning nikoh tuzish va yana ba’zi huquqlari cheklanadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda endilikda alimentdan qarzdorlarning transport vositasini boshqarish va nikoh tuzish huquqi cheklab qo‘yiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan. 

Farmonga muvofiq, aliment to‘lovchining boshqa ijro hujjatlari bo‘yicha majburiyatlari mavjud bo‘lganda, qarzdordan undirilgan mablag‘lar aliment to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik to‘liq qoplangandan so‘ng qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va navbatda taqsimlanadi. Xuddi shu kabi, ijro harakatlari davomida qarzdorga solingan jarimalar va ijro harakatlarini amalga oshirish xarajatlari ham aliment to‘lovlaridan joriy qarzdorlik to‘liq qoplangandan so‘ng undiriladi.

Bundan tashqari, aliment majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlab kelayotgan va qidiruvga e’lon qilingan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni majburiy ijro organlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirish, shuningdek, davlat ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish amaliyoti joriy etiladi. Bunda ushbu manbalarda qidiruvdagi shaxslar va ularning mol-mulki to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolarga majburiy ijro va ichki ishlar organlariga xabar berish imkoniyati yaratiladi.

Farmon bilan Adliya vazirligi va Bosh prokuraturaga uch oy muddatda aliment to‘lovlarini undirish tizimi samaradorligini oshirish yuzasidan qonun loyihasini belgilangan tartibda kiritish vazifasi yuklangan. Bunda, shu jumladan, quyidagilar nazarda tutiladi.

Aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lganda qarzdorlik to‘liq bartaraf etilguniga qadar:

•  qarzdorning transport vositasini boshqarish huquqini vaqtincha cheklanadi;
•  qarzdorga litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan davlat xizmatlari vaqtincha ko‘rsatilmaydi.

Shuningdek, aliment bo‘yicha qarzdorlik mavjudligini nikoh tuzish uchun monelik qiladigan holat sifatida belgilanadi.

Qayd etilishicha, Majburiy ijro byurosi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi va unga Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 50 milliard so‘m ajratiladi.

Sud qarori bilan esa aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan shaxslardan belgilangan mablag‘larni uch oy ichida undirish imkoni bo‘lmagan hollarda “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari aliment to‘lovlari bo‘yicha shakllangan qarzdorlikni bir yo‘la to‘lash uchun yo‘naltiriladi hamda keyinchalik aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan qarzdordan sud qarorisiz majburiy tartibda undirib olinadi.

Hujjatda Bosh prokuratura (N.T. Yo‘ldoshev) va Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) ikki oy muddatda “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, jamg‘arma mablag‘lari hisobidan aliment to‘lovlaridan qarzdorlik to‘lanadigan holatlar va shaxslar toifasini belgilash tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

150

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing