“Al-Nasr”ga qo‘yilgan transfer taqig‘i bekor qilindi

Sport

image

FIFA Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubiga yangi o‘yinchilar bilan shartnoma imzolash va ro‘yxatdan o‘tkazishga qo‘yilgan taqig‘ini bekor qildi.  Bu haqda insayder Fabritsio Romano xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, FIFA “Al-Nasr” o‘z majburiyatlarini bajarganini tasdiqladi va klubga qarshi ish yopildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Al-Nasr”ga qo‘yilgan transfer taqig‘i klubning 2023 yilda markaziy himoyachi Aymerik Laporte transferi uchun “Manchester Siti”ga to‘lanmagan pullar bilan bog‘liq. Saudiya Arabistoni klubi “shaharliklarga” taxminan 9 million yevro to‘lamagani ta’kidlangan. 

Bu taqiq “Al-Nasr” uchun FIFA tomonidan qo‘llangan birinchi sanksiya emas. Xususan, 2023 yilda klub transfer qoidalarini buzgani sababli uchta transfer oynasi davomida futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish huquqidan mahrum etilgan edi. Keyinchalik masala 2 million yevro miqdoridagi jarima to‘langanidan so‘ng hal qilingan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning yozida “Al-Nasr” transfer bozorida 100 million yevrodan ortiq mablag‘ sarflab, Joau Feliks, Inigo Martines, Kingsli Koman va Mohamed Simakan kabi taniqli futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Krishtianu Ronaldu to‘p suradigan “Al-Nasr” klubiga FIFA yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishni taqiqlagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

transfer FIFA “Al-Nasr”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing