Al-Aqsoda falastinliklar va Isroil politsiyasi o‘rtasida to‘qnashuv bo‘ldi
Olam
−
05 may 2022
6792
Bugun, 5 may kuni Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidida falastinliklar va Isroil xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Bu haqda “Al Jazeera” telekanali xabar bergan.
Qayd etilishicha, to‘qnashuvlarga bir guruh yahudiy ko‘chmanchilarning Islom ziyoratgohi hududiga kelishi sabab bo‘lgan.
Politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun maxsus moslamalardan foydalangan. Buning ortidan kamida 12 arab rezina o‘qlardan, o‘nlab odamlar esa ko‘zni yoshlantiruvchi granatalardan jarohatlangan.
Ramallohdagi Falastin Tashqi ishlar vazirligi Isroil xavfsizlik kuchlarining harakatlarini qoralagan va Muqaddas tog‘dagi zo‘ravonliklarning kuchayishi uchun javobgarlikni mamlakat Bosh vaziri Naftali Bennetga yuklagan.
O‘z navbatida, Quddus ishlari bo‘yicha vazir Fadi Hadmi “Al Jazeera” telekanaliga bergan intervyusida Isroil rasmiylarini Al-Aqsoni kazarmaga aylantirishga urinayotganlikda ayblagan.
“Bu qabul qilib bo‘lmaydigan ish va masjid maqomiga zid. Isroil rasmiylari butun Islom olamiga qarshi chiqmoqda”, deydi Hadmi.
Shuningdek, vazir xalqaro hamjamiyatni "yangi qarama-qarshiliklarga olib keladigan Isroil provokatsiyalarini to‘xtatishga" chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 aprel kuni Quddusdagi Al-Aqso masjidida falastinliklar va Isroil politsiyasi o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi. Bunga Isroil politsiyasining muqaddas ziyoratgoh hududiga bostirib kirishi sabab bo‘ldi. Bu holat shundan beri har kuni takrorlanib kelmoqda.
Hozirgacha Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaman, Iroq, Liviya, Iordaniya va Turkiya Isroil kuchlarining Al-Aqsoga kiritganini qoralab chiqdi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos bilan telefon orqali muloqot qilib, Al-Aqso atrofidagi hodisalarga qarshilik ko‘rsatishini bildirdi.
Ma’lumot uchun, Quddusdagi “Al-Aqso” masjidi musulmonlarning birinchi qiblasi hisoblanadi.
Mutaassib yahudiylar ziyoratgoh shoh Sulaymon maqbarasi vayronalari o‘rnida barpo etilgan deb, masjid hududiga tez-tez bostirib kiradi.
Isroil va Iordaniya o‘rtasida 1994 yilda tuzilgan kelishuvga binoan “Al-Aqso” masjidi Quddus Islom jamg‘armalari boshqarmasi tomonidan boshqariladi.
Biroq, 2003 yildan beri yahudiylar ma’muriyat ruxsatini e’tiborga olmay, Isroilning bir tomonlama qarori bilan politsiya hamrohligida ziyoratga bostirib kirishni boshladi. Islom jamg‘armalari boshqarmasi bunday harakatlar musulmonlar suverenitetining buzilishi ekanini ta’kidlaydi.
LiveBarchasi