Akmal Shukurovni qamoqdan chiqarib yuborgan 4 nafar sudyaning o‘zi qamoqqa olindi

3-sahifa

image

Toshkent shahridagi tungi klub oldida erkakni bir urib, komaga tushirib qo‘ygan Akmal Shukurovni apellyatsiya instansiya sudining 2025 yil 9 dekabrdagi ajrimi bilan ozodlikka chiqishi, va qamoqdan chiqarib yuborilishiga bosh-qosh bo‘lgan sudyalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura xabar berdi. 

Qayd etilishicha, ushbu holat ortidan Bosh prokuratura tomonidan Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Murodjon Mirzajonovga nisbatan Jinoyat kodeksining 231-moddasi (Adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarish) 2-qismi, 236-moddasi (Tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish) 2-qismi bilan hamda jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudining sobiq sudyalari Odilbek Ilhomjonov, Mirziyod Obidov va Muhtarama Turgunovaga nisbatan Jinoyat kodeksining 231-moddasi (Adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ish hujjatlariga ko‘ra, Akmal Shukurov juda ko‘p miqdorda o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish, bezorilik, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatlarini sodir etganligi yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudining hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan aybdor deb topilib, unga 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 

Sudlanuvchi Akmal Shukurov yuqoridagi hukmdan norozi bo‘lib, sudga qilgan apellyatsiya shikoyati apellyatsiya instansiyasining sudyalari Odilbek Ilhomjonov, Mirziyod Obidov va Muhtarama Turgunova tomonidan ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudining hukmini o‘zgartirish, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirish to‘g‘risidagi xulosaga kelishgan. 

Biroq, Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari Murodjon Mirzajonov mansab mavqeidan foydalanib, ishni har tomonlama, to‘la va xolisona ko‘rilishiga to‘sqinlik qilib, sud ishlariga aralashib, sudyalarga qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazishi oqibatida, sudyalar Odilbek Ilhomjonov, Mirziyod Obidov va Muhtarama Turgunova uning topshirig‘i noqonuniy ekanligini oldindan bila turib, odil sudlovni amalga oshirish va qaror qabul qilishda mustaqil bo‘lsalarda, javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga amal qilmasdan, birinchi instansiya sudining hukmini o‘zgartirib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, qamoq ehtiyot chorasini bekor qilgan holda, jazoni uzil-kesil 3 yil 3 oy muddatga ozodlikni cheklashga almashtirib, uni sud zalidan qamoqdan ozod etib, og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan noqonuniy va adolatsiz ajrim chiqargan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, jinoyat ishi doirasida shahar sudi raisi sobiq o‘rinbosari Murodjon Mirzajonov hamda jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudining sobiq sudyalari Odilbek Ilhomjonov, Mirziyod Obidov va Muhtarama Turgunova ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi. 

Hozirda dastlabki tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan olib borilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Toshkent shahar prokuraturasining protesti asosida Akmal Shukurovga oid ish shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasida ko‘rilib, tegishli ajrim bilan protest qanoatlantirilgan va birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgartirilib, apellyatsiya instansiyasining ajrimi bekor qilinib, Akmal Shukurovga 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va sud zalidan qamoqqa olinib, unga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Akmal Shukurov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing