Akbarovning diplomi soxtaligi isbotlanmadi, jinoiy ish tugatildi
Jamiyat
−
29 Sentabr 2020
14590Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan Samarqand shahridagi "Ipak yo‘li" turizm xalqaro universiteti Internasionalizasiya va strategik rivojlanish ishlari bo‘yicha birinchi prorektori lavozimida ishlab kelayotgan Azamat Akbarovning filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)diplomi qalbakiligi haqida xabar berilgandi. Oradan 8 oy vaqt o‘tib, unga nisbatan qo‘yilgan ayblov o‘z isbotini topmagan, uning diplomi soxtaligi dalillanmagan. Bu haqda universitet saytida xabar berildi.
Xabarlarda qayd etilishicha, Akbarov lavozimdan diplomi soxta deb iddao qilingani uchun bo‘shatilmagan, aksincha, u o‘z xohishi bilan prorektorlikni tark etgan.
“Vakolatli organlar tomonidan olib borilgan tergov harakatlari natijasida ushbu ayblov o‘z isbotini topmagan va bugungi kunda jinoyat ishi tugatilgan.
Ta’kidlash lozimki, Azamat Akbarov “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida faoliyat yuritgan davrda ushbu universitetning faoliyatini xalqaro talablarga mos ravishda tashkil etish, uning nufuzini yanada oshirishga qaratilgan bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilgan”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Universitet ma’muriyati u boshchiligida amalga oshirilgan ishlarni sanagan: Jumladan:
• universitet ta’lim tizimi ECTS – kredit tizimiga o‘tkazilgan;
• ta’lim dasturi fanlari bo‘yicha sillabuslar ISO9001-2015 xalqaro ta’lim standartiga moslashtirilgan;
• universitetda 5 kunlik ta’lim haftasi hamda unga muvofiq 2+1 ta’lim tizimini joriy qilingan;
• universitet faoliyatida talabalar manfaatlarini himoya qilish maqsadida, universitet qoshida “Students Parliament”ni tashkil etilgan;
• universitet tomonidan tayyorlanayotgan mutaxassislarga nisbatan talablarni to‘g‘ri shakllantirish maqsadida universitet qoshida “Ish beruvchilar kengashi” tashkillashtirilgan;
• akademik semestr davomida talabalar e’tiboriga beshtagacha fan taqdim etilib, tanlov fanlar sifatida talabalarning eng ko‘p miqdori tomonidan belgilangan fanlar saralanishi belgilangan;
• universitet ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar va xodimlarning mehnat faoliyati KPI effektivlik ko‘rsatkichi bo‘yicha baholanishi ta’minlangan;
• universitet xodimlarining ilmiy maqola va materiallarning Scopus, Web of Science kabi referativ-bibliografik ma’lumotlar bazasida kiritilgan jurnallarda nashr etish uchun rag‘batlantirish tizimi yaratilgan;
• talabalar tomonidan xorijiy tillarni o‘zlashtirish darajasini oshirish maqsadida, o‘qish-yozish-tinglash-gapirish yo‘nalishlarida amaliy ko‘nikmalarni o‘rgatish bo‘yicha xorijiy mutaxassislar jalb etish tizimi shakllantirilgan;
• ingliz, rus va xitoy tillarini puxta o‘zlashtirish uchun universitet binolari ichida jonli nutq hududlari va til-madaniyat-tamaddun ko‘ngilli to‘garak va jamiyatlarning faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlari boshlangan.
Ayni kunlarda uning yana o‘z ishiga qaytishi bilan bog‘liq savollar ochiq qolmoqda. Biroq, ijtimoiy tarmoqlarda talabalar tomonidan Akbarovni qaytarishlarini so‘rab qilingan murojaatlar soni kun sayin ortmoqda.