Azamat Akbarovning diplomini soxtaga chiqarish kimga kerak bo‘lgandi? Olim bilan suhbat
Intervyu
−
03 Oktabr 2020
25721Joriy yilning boshlarida Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetining birinchi prorektori Azamat Akbarovning diplomi soxta ekanligi haqidagi xabarlar e’lon qilingan edi. Oradan 8 oy vaqt o‘tib esa, unga qo‘yilgan ayblovlar bekor qilindi va diplomning soxta ekanligiga oid ma’lumotlar o‘z isbotini topmadi. Bugun aynan mana shu mavzu yuzasidan QALAMPIR.UZ tahririyati Azamat Akbarovning o‘zlari bilan suhbat qilishga qaror qildi.
— Keling, birinchi navbatda bo‘lgan voqeani o‘zingizdan eshitsak! Bu voqea qachon sodir bo‘ldi va diplominingizning soxta yoki soxta emasligi kimga kerak bo‘ldi? Shular haqida batafsilroq so‘zlab bersangiz.
— Taklif qilganingiz uchun o‘z tashakkurimni bildiraman, o‘tgan 9 oy davomida ilk bor bu mavzuda intervyu beryapman. Keling, avvalambor universitetning tarixiga bir nazar tashlasak, ya’ni universitet qanday maqsadlarda ochilgan edi?! 2018 yilning 9-10 iyun kunlari Prezidentimiz Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Sindao shahrida bo‘lib o‘tgan sammiti chog‘ida ushbu universitetning ochilishi haqida e’lon qilgan edilar. Demak, SHHT doirasidagi universitet sifati nafaqat O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyo standartlariga, balki jahon standartlariga muvofiq keluvchi universitet bo‘lishi kerak edi. Prezidentimizning oliy ta’limni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida ta’kidlanganidek, O‘zbekistondagi oliy ta’lim tizimi jozibador bo‘lishi kerak, ya’ni universitetlar jahon standartlariga mos va puxta tayyorlangan o‘quv rejalari, mukammal dasturlari hamda o‘zining olimlari bilan ilg‘or bo‘lishi kerak va bu, o‘z navbatida, O‘zbekistondagi universitetlarni Markaziy Osiyo “ta’lim xabi”ga aylantirish va buni kelajakda dunyo standartlariga olib chiqish reja qilib qo‘yilgan edi. Biz “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetining ochilishi shunday muhim tadbir doirasida e’lon qilingani va O‘zbekistondagi universitetlar orasida bunday imkon faqatgina shu universitetga berilganini unutmasligimiz kerak. Tasavvur qiling, shuncha davlat Prezidentlari o‘tirgan bir stol atrofida bu universitet haqida e’lon qilinyapti. 2018 yilda universitet faoliyati yo‘lga qo‘yilib, u yerga juda ko‘p xodimlar ishga olindi. Albatta, qisqa muddatda xodimlarni ishga olish, ularning avvalgi tajribalari, avvalgi ish beruvchilari ularning faoliyatidan qoniqqanmi-yo‘qmi – shu yo‘nalishda ba’zi bir kamchiliklari bor edi. 2019 yilning avgustida Prezidentimizni juda muhim so‘zlari jaranglagan, ya’ni O‘zbekistondagi kadrlar masalasi va shunga javoban, men ishlab turgan universitetim – Pusan chet tillar universitetidan mana “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetiga taklif qilindim. Men bir daqiqa ham o‘ylab o‘tirmay, u yerdagi bor imkoniyatlarni tashlab, Samarqanddagi universitetga ishga keldim.
Universitetning 2019 yildagi holatiga qaytadigan bo‘lsak:
Birinchidan, u yerdagi juda ko‘plab xodimlar (ingliz tili o‘qituvchilari yoki xalqaro bo‘limda ishlagan xodimlardan tashqari) ingliz tilini bilmas edi. Xalqaro maqomdagi, xalqaro andozalarda ishlashga tayyor bo‘lgan universitet o‘z o‘quv rejalarini rivojlangan davlat universitetlariga muvofiq joriy etib, o‘quv yilini boshlashi kerak edi.
Ikkinchidan, xodimlarning egallab turgan lavozimlariga javob bera olmasliklari masalasi. Umuman fikrimcha, kadrlar muammosi barcha universitetlarda mavjud. Misol tariqasida aytadigan bo‘lsam, universitetning qalbi hisoblangan “Axborot resurs markazi” direktori aslida yo kuchli kutubxonachi, yo kuchli IT mutaxassisi bo‘lishi kerak, chunki bu markaz odatda jurnallarda chiqadigan maqolalar, ularga bu maqolalar qanday yozilishini, rezyumelar qanday yozilishini o‘rgatuvchi, trening vazifasini bajaruvchi bir markazdir. Lekin bu markazning boshlig‘i – mutaxassisligi bo‘yicha fizika mutaxassisi, boz ustiga chet tilini ham bilmaydi... Tasavvur qiling, universitetning eng muhim hisoblangan yana bir bo‘limida ishlaydigan bir xodim mutaxassisligi bo‘yicha – veterinar. Yoki, masalan, aytaylik Prezidentimizning 3815-sonli qarorida universitetda “Turizm sohasida innovatsiyalar markazi” tashkil etilishi masalasi bo‘lgan, bu markazga ham oldin faqat maktab va kollejlarda ishlab kelgan hamda turizmga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan inson bo‘lim boshlig‘i sifatida qabul qilingan. Prorektorlarni oladigan bo‘lsak, ularning yetarli darajada xorijiy tilni bilmasliklari, xorijiy universitetda ishlash tajribalari yo‘qligi... Xorijiy til sifatida ingliz tilini bilmagan kishilarning ma’lumot oladigan kanallari ham chegaralangan bo‘ladi. Demak, ular xorijiy standartlarni joriy etish davomida qator to‘siqlarga duch kelishi mumkin.
2019 yilning 17 avgustidan o‘z faoliyatimni eng asosiy, amalga oshmagan vazifalarni bajarishdan boshladim. Bu – universitetni kredit-modul tizimiga o‘tkazish, Bolonya deklaratsiyasiga xos o‘quv dasturini yaratish, ta’lim tizimini ingliz tiliga o‘tkazish, zero bu xalqaro maqomdagi universitet. 2022 yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan SHHT sammiti Samarqandda bo‘ladi. Demak, ushbu tadbirga mos ravishda mazkur universitet ilg‘or faoliyat yuritib, talabga javob beradigan mutaxassislarni yetkazib berishi kerak.
— Ularni tanqid qilganingiz uchun ham sizning payingizga tushishdi deb o‘ylaysizmi?
— Shunday, albatta. Birinchi muloqotlardan keyin ba’zi universitet xodimlari bilan yo‘limiz ayrildi. Bir yil davomida ularga biriktirilgan vazifalar bajarilmagan edi, ularning tajriba va ko‘nikmalari egallab turgan lavozimlari hamda universitetning xalqaro maqomiga javob bermas edi. Bu – birinchi masala. Ikkinchi masala, bir guruh universitet xodimlari vaqti kelib ular ham ishdan ketishlari mumkin ekanini his qilgan holda, noyabr oyida Prezident virtual qabulxonasiga shikoyat xati yozib chiqishgan.
Shikoyat xati shunday mazmunda: Nima uchun universitetda yuqorida aytib o‘tilgan islohotlar amalga oshyapti? Nima uchun universitetda dars jarayonini 50 daqiqagacha qisqartirdik? ( bizda 80 daqiqa emas, 50 daqiqaga o‘tkazilgandi). Pedagogika jihatidan qaraydigan bo‘lsak, o‘zimiz ham ma’lum bir muddatdan keyin ma’ruza va seminarlarda yo majlislarda ba’zan kishilarning ko‘zi uyquga ilinayotganini ko‘ramiz. Bu – insonning fitrati. Rivojlangan davlat hisoblangan Janubiy Koreyada ham darslar 50 daqiqadan. Shu masalani Prezident virtual qabulxonasiga yozib chiqishgan. Yoki, nima uchun biz kredit tizimiga o‘tdik, nima uchun ta’lim ingliz tilida, nima uchun universitetning eski tuzilmasi o‘rniga yangi tuzilma joriy etildi, nima uchun senat joriy etildi? Ular XXI asrga xos bo‘lgan universitetlar trendlarini muhokamaga olishdi. Buni kim qildi? O‘sha 10 kishidan iborat guruh: g‘aznachi, yong‘indan saqlash bo‘yicha bo‘lim xodimi, texnik xodimlar va h.k. Tasavvur qilyapsizmi, ta’limga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi bo‘lmagan insonlar universitetning kelajagini belgilab beruvchi islohotlarga qarshi chiqishdi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, 30-yillarda qatag‘on yillarida kechgan vaziyat ham aynan shundan kelib chiqqandi. Jadidlarning yangi bir islohot, ta’lim islohoti yo‘lida davlatni rivojlantirish bo‘yicha bergan fikrlari mavzudan umuman ko‘nikma hamda tajribasi bo‘lmagan insonlar tomonidan tanqid ostida qolib ketgan. Bu ikkinchi bosqichda.
Uchinchi bosqichda bular nima uchun xorijdan o‘qituvchi taklif etilganini Vazirlar Mahkamasiga yozib chiqishdi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, mana yaqinda Toshkentdagi bir universitetda prorektor Janubiy Koreyadan taklif qilingani haqida ma’lumot tarqaldi. Biz hozirgi davr talabidan kelib chiqqan holda, ilg‘or davlatlarning universitetlaridan taklif etilgan professorlardan imkon qadar samarali foydalanishimiz kerak. Ularning bilimlarni ta’lim strategiyasiga joriy etishimiz kerak. Oxir-oqibat, ular universitetda yozilgan shikoyatlarga javoban ularga qoniqarli javob berilmaganligi uchun bu nomaqbul kurashni Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali davom ettirishdi. Hozirdi hamma narsani hal qiladigan sud organlarimiz bor, yoki masalan ma’lum bir tashkilotlar bor. Biroq Facebook orqali rektorni, prorektorni, universitet xodimlarini nomaqbul so‘zlar bilan haqoratlash, ularni oilasi haqida har xil gaplarni yozib chiqish yoki nomaqbul suratlarni joylash kabilar o‘zini “islohotchi” deb hisoblagan insonlar tomonidan amalga oshirilmoqda. Aslida, bu juda ayanchli holat. Men ta’lim tizimi bundan rivojlanmasligi kerak, deb o‘ylayman.
— Aynan diplomning soxta ekanligiga oid ma’lumotlarga to‘xtalib o‘tsak. Nima uchun diplomingizni soxta deb aytishdi va bu kim tomonidan aytildi?
— Ba’zi universitetlarda tanish-bilishchilik, urug‘-aymoqchilik juda kuchli rivojlangan. Masalan, shunday universitetlar borki, turmush o‘rtog‘i – prorektor, xotini esa, aytaylik, dekan yoki kafedra mudirasi. Yoki masalan, men ishlagan universitetda ham mana shunaqa tanish-bilishchilik, urug‘-aymoqchilik shartlari bilan ishga olingan xodimlar ko‘p edi.
— Ular kim tomonidan ishga olingan?
— Sobiq prorektor tomonidan ishga olingan. Xodimlarning tajribasi, ilmiy salohiyatiga qaramay, ularni “sadoqatiga”, ya’ni “tizim”ni saqlab qolish, rus va ingliz tillarida status quo (status kvo – mavjud tizim) deyishadi, oldindan muhrlab berilgan “tizim”ni saqlab qolish uchun “sodiq” insonlar ishga olingan. Ularning bilim darajasiga esa juda ko‘p shubha bor.
Ma’lumot uchun: Universitetning sobiq prorektori Bahodir Turayev O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 29 maydagi 65-son Rayosat majlisi bayoniga muvofiq, “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida qurilish-ta’mirlash ishlarini, o‘quv jarayonini, talabalar va pedagoglar o‘rtasida madaniy va ma’naviy barqaror muhitni yaratish ishlarini tashkil etish bo‘yicha sustkashlikka yo‘l qo‘ygani, yuklatilgan vazifalarni o‘z muddatida va sifatli ijro etmagani, universitet tarkibiga kadrlarni tajribasi, malakasi va bilimiga e’tibor qaratmasdan qabul qilgani, amaldagi qonunchilik talablarini qo‘pol buzgan holda ishga o‘zining yaqin qarindoshlarini olganligi, vakolati doirasidan tashqari bo‘lgan hujjatlarni rahbariyat bilan kelishmasdan rasmiylashtirgani va hujjatlarni imzolashda qo‘pol ravishda xatoliklarga yo‘l qo‘ygani hamda hujjatlarni qasddan yo‘q qilganligi oqibatida universitetga moddiy zarar yetkazganligi sababli lavozimidan ozod qilingan.
— Umuman shu kabi voqealar siz yashagan davlatda ham bo‘lganmi? Chet elda ham bu kabi holatlar kuzatiladimi, ya’ni bir-birini ko‘ra olmaslik, orqadan ish qilish degan narsalar bormi u yerda ham?
— Yo‘q, umuman yo‘q bunday narsalar. Bilasizmi, chet el universitetlari to‘rtinchi avlod universitetlari. Bu to‘rtinchi avlod universitetlarini o‘quv rejalari o‘sha davlatning ishlab chiqarish mahsulotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi, ya’ni Samsung, iPhone, LG’larning rivojlanishi shu universitetlarning salohiyatini ko‘rsatib beradi. Universitetda ishlab turuvchi xodimlarning hammasi yo universitet professori yoki bitiruvchilari. Ularning bu kabi o‘tgan asr boshlaridagi tendensiyalarga vaqti ham yo‘q. Afsus, bizning ko‘plab universitetlarimiz birinchi avlod universitetlaridir, ya’ni, biz faqatgina darsga kirib, ma’lumotni talabalarga yetkazib, darsni bitirib, talabalarni imtihonga bog‘lab, ya’ni, ularning ijodkorlik ruhiyatini emas, hofizasini rivojlantiramiz. Tajribasiz, sifatsiz kadrlarning universitetlarga ishga joylashuvi mana shu kabi oqibatlarga olib keladi. Nomaqbul yo‘llar bilan universitet nufuziga putur yetkazish, islohotlarga to‘sqinlik qilish, bular hammasi, afsuski, mana shu birinchi avlod universitetlarida kuzatiladi. Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlashni istardim: “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida bo‘lib o‘tgan voqealar butun oliy ta’lim tizimi uchun mahorat darsi vazifasini o‘tashi darkor.
— Ma’lumki, har bir universitet, har bir oliy ta’lim muassasasining o‘z yo‘nalishi bor. Turizm, yuridik, san’at va h.k. Ularning barchasida dars jarayonlari deyarli bir xil kechadi. Darsga borishadi, o‘qishadi, “zachet” topshirishadi, birinchi, ikkinchi, uchinchi kurslarni shu tarzda tamomlashadi. Biroq, mana siz yangilik qildik, darslarning soatini qisqartirdik yoki boshqa tajribalarni olib kirdik deb aytyapsiz. Bunga talabalar qanday munosabatda bo‘lishdi?
— Endi tasavvur qiling, 2018 yilda xalqaro universitet ochilgan va xalqaro maqomdagi universitet mahalliy universitet andozasi asosida o‘quv rejasini boshlagan. Demak, universitetning poydevori noto‘g‘ri qo‘yilgan. Masalan, o‘sha vaqtda, aytaylik, 94 ta milliy darajadagi universitet bo‘lgan, nega biz 95-si bo‘lishimiz kerak? Ya’ni biz boshqa universitetlardan ajralib turadigan biror yangilikni kirita olmasak, unda Prezidentimizning ushbu xalqaro universitetga ishonib topshirgan vazifalari qayerda qoladi?
2018 yilda boshqa universitetlar qatorida bu universitetda ham bir semestrda 10-12 ta fan o‘qitilgan. Agar bir semestrda 12 ta fan bo‘ladigan bo‘lsa, nima uchun xalqaro maqom berilgan bu universitetga Janubiy Koreyadan, Yaponiyadan talabalar kelib o‘qishi kerak? U yerlarda bir yilda 12 ta fan o‘qitiladi. Ortiqcha fanlar oxir-oqibat korrupsiyaga olib boradi. Buni men juda oddiy misollar bilan tushuntirib berishim mumkin. Biz 2019 yilda universitetni yangi tizimga o‘tkazganimizda jamoa bilan fanlarni 5 tagacha qisqartirdik. Buning arifmetikasi juda oson. Masalan, bitta fanni oladigan bo‘lsak, bir fanda, masalan, 500 sahifali kitobni o‘qish uchun har bir talabaga 150 soat kerak bo‘ladi. Chunki talaba ma’lumotni o‘zlashtirishi uchun bir soatda 5-6 sahifa o‘qishi kerak. Demak, 150 soat. Talaba mustaqil tarzda 10 betlik referat, mustaqil ishni yozishi uchun kamida 1 000 betlik ma’lumotdan foydalanishi kerak. Bu jurnallar, gazetalar, maqolalar to‘plamlari, boshqalar, konferensiyadan, kitoblardan 1 000 betlik ma’lumotni o‘qib, 10 betlik bir ijodkorlik ruhida bir referat yoki mustaqil ish yozishi mumkin. Bunga 300 soat ketar ekan. Tasavvur qiling, 300 ga 150 ni qo‘shsak 450 soat bo‘ladi. 450 soatni 1 sutkada 24 soatga bo‘lsak, 18 sutka chiqyapti. Bu yoqqa men hali taqdimotlar (prezentatsiya) va boshqa amaliy mashg‘ulotlarni qo‘shmayapman. Faqatgina bir darsdan talabani mustaqil tarzda o‘tishi uchun 18 sutka kerak. 18 ni 12 ta darsga ko‘paytiring 220 sutka chiqyapti! Bir semestrda esa 120 sutka bor. Demak, talaba 4 - 5 ta darsni o‘zlashtirgandan keyin qolganini o‘zlashtirish uchun vaqt yetmaydi va u boshqa yo‘llarni izlashga tushadi.
— Nima deb o‘ylaysiz bizda ta’lim sifati rivojlanmasligiga asosiy sabab nima?
— Juda qiziq savol. Ko‘p universtetlarda hali ham o‘sha 70-80-90 yillarda chiqqan darsliklardan foydalanishadi. Tabiiy savol tug‘iladi: so‘nggi 30 yilda fanda hech qanday o‘zgarish bo‘lmadimi? Yoki ba’zi o‘qituvchilar sarg‘ayib eskirib ketgan konspektlardan talabalarga nuqta-verguligacha o‘qitib, konspekt yozdirib, imtihon vaqtida xuddi shunday aytib berishni talab qilishadi. Biz xuddi talabalarning hofizasini rivojlantirayotganga o‘xshaymiz. Hozir dunyoda shunday tendensiya bor, Yevropada bakalavr yo‘nalishidagi ta’lim 3 yillik bo‘ldi. Savol: Nima uchun boshqa joylarda 4 yil, ularda 3 yil? Chunki ular shunday xulosaga kelishgan. Talabalarga 1-kursda beriladigan ma’lumotlar 3-kursga borib eskiryapti. Ya’ni, Yevropa bugungi kunda beradigan diplomi kamida 5-6 yil o‘z kuchini yo‘qotmasligi kerak, deyapti. Bizda ba’zan talaba bitirganidan keyin, ishlab chiqarishga borganida umuman o‘sha ishga noloyiq ekanini sezib qoladi. Unga beriladigan ta’lim sifati eskirgan bo‘layapti. Natijada ishsizlik soni oshyapti. Yoki yana bir misol, talaba ikkinchi mutaxassislikka borishi mumkin. Bu esa vaqt yo‘qotish degani. Aslida bu juda katta muammo. Shuning uchun ta’lim sifatini monitoring qiladigan tashkilotlar bor. Biz bir qarashimiz kerak, nima uchun talabalar darsda mutaxassisligi bo‘yicha kerakli ma’lumotlarni ololmaydi. Bu juda ham muhim. Urushdan chiqqan davlatlar, ya’ni Yaponiya, Janubiy Koreya, Germaniyani oyoqqa turg‘izgan o‘sha ta’lim tizimi va universitetlar bo‘ladi. Davlat bor kuchini universitetlarga hamda u yerdagi ta’lim sifatini oshirishga qaratdi, shuning uchun ham u yerdagi universitetlar hozir 4-avlod universitetlari hisoblanadi. Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreyada ishlab chiqarishni tamomila universitetlar boshqaradi. Bir soat darsga kirish uchun o‘qituvchi kamida 3 soat tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Minglab ma’lumotni o‘qib,
1 soatda aytib berishi kerak, tasavvur qiling, bu darslarning saviyasini va 80-yilda chop etilgan, kitobdan nuqta verguligacha aytib berilgan konspekt darslarni... Men 2 soatda aytib berish mumkin bo‘lgan bir mavzuni butun bir fan sifatida semestrga qo‘yishganining guvohi bo‘lganman. Tasavvur qiling, 16 hafta. Nima hojat 2 soatni 16 soatga cho‘zishga?
— Agar sizdan ta’lim tizimiga qaytishingizni so‘rashsa, qaytasizmi?
— Oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritayotganimga 21 yil bo‘ldi. Shuning 15 yilida men xorijiy universitetlarda ishladim. O‘tgan yili qaytishimning sababi asli – o‘sha xorijda orttirilgan tajribamni o‘z Vatanimda joriy etib, ta’lim tizimining rivojlantirishga hissamni qo‘shishda edi! Bunday taklif bo‘lgan taqdirda, albatta, o‘sha amalga oshirolmay qolgan rejalarimni oxiriga yetkazar edim.