Aqtaudagi fojia: Qozog‘iston rasmiylari samolyot qulashining yangi tafsilotlarini e’lon qildi
Olam
−
27 dekabr 2024
20880Grozniy shahridan zaxira aerodromiga kirib kelayotgan Embraer-190 havo kemasi haqidagi birinchi signal soat 10:43 da Rostov zonasi dispetcheridan Oqtobe tuman dispetcherlik markaziga kelib tushgan. Bu haqda Qozog‘iston Transport vaziri Marat Qoraboyev brifingda ma’lum qildi.
“Rostov dispetcheri Maxachqal’a va Bakudagi ob-havo ma’lumotlari taqdim etilgandan so‘ng, ekipaj Aqtau shahriga uchishga qaror qilganini xabar qilgan”, deydi Qoraboyev.
Samolyotning boshqaruv tizimlari va balandlik rullari ishlamay qolgan. Ekipajda yo‘nalishni va balandlikni barqaror ushlab turish imkoniyati bo‘lmagan. Soat 10:53 da Rostovdagi parvoz rahbari Aqtau minorasidagi parvoz rahbariga yo‘lovchi salonidagi havo kemasida kislorod balloni portlagani, yo‘lovchilar hushini yo‘qotgani haqida xabar bergan. Dispetcher kemani aerodromga qo‘ndirish uchun barcha zarur harakatlarni amalga oshirgan. Bundan tashqari, uchish-qo‘nish yo‘lagini ko‘rishni osonlashtirish maqsadida chiroqlar yoqilgan. Ekipaj Aqtau aerodromidagi uchish-qo‘nish yo‘lagiga ikki marta kirishga uringan, ammo kema balandligining tartibsiz o‘zgarishi kuzatilib, u qirg‘oq chizig‘i tomonga og‘ib ketgan.
Soat 11:28 da ekipaj bilan aloqa uzilgan va samolyot yerga qulagan. Aqtau aeroporti qutqaruv xizmati voqea joyiga birinchi bo‘lib yetib borib, darhol yo‘lovchilarni evakuatsiya qilgan.
Jabrlanganlarning ahvoli
Avvalroq, yo‘lovchilar orasida 37 nafar Ozarbayjon fuqarosi borligi, ulardan 23 nafari halok bo‘lgani xabar qilingandi. Qirg‘izistondan 3 nafar yo‘lovchi bo‘lgan, ularning barchasi omon qolgan. Rossiya fuqarolari 16 kishi bo‘lib, ulardan 7 nafari halok bo‘lgan. Qozog‘istonlik 6 nafar yo‘lovchilarning hammasi vafot etgan. Ekipaj tarkibida 5 kishi bo‘lgan, ulardan 3 nafari o‘lgan.
Hodisa oqibatida 29 kishi, jumladan, uch nafar bola shifoxonaga yotqizilgan.
Jabrlanganlar va halok bo‘lganlarning oilalariga yordam
Qozog‘iston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri o‘rinbosari Aqmadi Sarbasov respublika byudjeti orqali har bir oilaga tegishli to‘lovlar amalga oshirilishini ma’lum qilgan. Boquvchisini yo‘qotganlarga 138 ming tenge, davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan 357 ming tenge miqdorida yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, ularga 5 million tenge miqdorida bir martalik to‘lov beriladi.
Azerbaijan Airlines esa aviahalokatda jabrlanganlarga 20 ming manatdan, har bir halok bo‘lganlarning oilalariga esa 40 ming manat miqdorida tovon puli to‘laydi. Bundan tashqari, jabrlanganlar Ozarbayjon Respublikasi qonunchiligi va xalqaro amaliyotda nazarda tutilgan sug‘urta to‘lovlarini oladi.
Mohimbegim Ma’rufaliyeva
LiveBarchasi