Aqtaudagi aviahalokatda jabrlangan qirg‘izistonlik hushiga keldi

Olam

image

Qozog‘istonning Aqtau shahrida qulagan Embraer 190 samolyotining bortida bo‘lgan va aviahalokatda og‘ir jarohat olgan Qirg‘iziston fuqarosi Rinat Asanov o‘ziga keldi. Bu haqda Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 28 dekabr kuni uning yaqinlari, shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruvchilari va tibbiyot xodimlari Aqtauga yetib borgan.

Shuningdek, jabrlangan fuqarolarni Yangi yil oldidan o‘z vatanlariga qaytarish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirish ma’lum qilingan. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, qolgan ikki jabrlanuvchining ahvoli barqarorligicha qolmoqda, biroq ular shifokor nazoratini talab qilishda davom etmoqda.

Xabarga ko‘ra, ushbu ishlar Qozog‘iston va Ozarbayjon Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan yaqin hamkorlikda olib borilmoqda. Tadbirlar Prezident Sadir Japarovning shaxsan nazorati ostida o‘tkazilmoqda.

                                                                    Embraer 190 samolyotining qulashi

25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi. Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.

Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. AQSH ham laynerning qulashida Rossiyanig havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidlamoqda. Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml halokatga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb bilishini va vaziyatga izoh bermasligini bildirdi.  

Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Aqtau shahri Embraer 190 samolyoti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar