Aqtauda qulagan samolyot uchuvchilarining suhbati tarqaldi. Ostona izoh bermayapti
Olam
−
16 yanvar
32301O‘tgan yilning 25 dekabr kuni Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida halokatga uchragan Embraer 190 samolyoti uchuvchilari o‘rtasidagi suhbatlarning to‘liq stenogrammasi bugun, 15 yanvar kuni rus OAVlari, xususan, “Baza“ Telegram kanalida e’lon qilindi. Qozog‘iston Transport vazirligi esa internetda paydo bo‘lgan suhbatlar stenogrammasiga izoh bermasligini bildirdi.
Ta’kidlanishicha, internet tarmoqlarida tarqalayotgan xabarlar haqiqatga yaqin emas. Shuningdek, vazirlik o‘rganish ishlari hali ham davom etayotganini bildirgan.
“Transport vazirligining aviahalokatlarni tekshirish komissiyasi hodisa sabablarini aniqlash bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda. Dastlabki hisobot chop etilgunga qadar komissiya hech qanday rasmiy manbaga ega bo‘lmagan internet ma’lumotlariga izoh bermaydi”, deyiladi xabarda.
Qolaversa, maxsus komissiya dastlabki hisobotni Qozog‘iston Respublikasi qonunchiligi talablariga va ICAO 13-ilovasi talablariga muvofiq e’lon qilinishi ham ta’kidlagan.
“Unda tergov jarayoni va tergov natijalari haqida aniq ma’lumotlar bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Embraer 190 samolyotining qulashi
25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi.
Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.
Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. AQSH ham laynerning qulashida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidlamoqda.
Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Keyinchalik Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon yetakchisidan 2 marta kechirim so‘raganini ma’lum qildi.
Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi
O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh yasayapti.
17 yanvar