Rossiya Ozarbayjon samolyoti halokati bo‘yicha tergovni to‘xtatdi

Olam

image

Rossiya Tergov qo‘mitasi Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati bo‘yicha olib borilgan tergovni to‘xtatdi. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov ma’lum qildi. 

Uning aytishicha, mazkur qaror Baku tomonida “juda jiddiy savollar” uyg‘otmoqda.
Ozarbayjon TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Baku Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin tomonidan imzolangan rasmiy xatni olgan. Unda tergov to‘xtatilgani haqida ma’lumot berilgan. Bayramov bunday qadam Ozarbayjon tomoni uchun tushunarsiz va jiddiy tashvishli ekanini ta’kidlagan.

Avvalroq, Qozog‘iston Respublikasi Transport vazirligi 2024 yilda sodir bo‘lgan Azerbaijan Airlines samolyoti halokati bo‘yicha tergovning yangi materiallarini e’lon qilgan edi. Fojia 1 yilligiga bag‘ishlab taqdim etilgan oraliq hisobotda bir nechta ekspertizalar natijalari keltirilgan. Qozog‘iston tomoni ma’lumotiga ko‘ra, samolyotdagi shikastlanishlar, dastlabki xulosalarga binoan, jangovar kallakning zarba beruvchi elementlari ta’siri oqibatida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin, biroq ularning qaysi tomonga tegishli ekanini aniqlash imkoni bo‘lmagan.

Halokat 2024 yil 25 dekabr kuni sodir bo‘lgan. Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga qarashli Embraer 190 samolyoti Baku–Grozniy yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilayotgan edi. Grozniyda bir necha bor qo‘nishga urinish muvaffaqiyatsiz yakunlangach, ekipaj Aqtaudagi aeroportga yo‘l olishga qaror qilgan. Samolyot aerodrom ustida ikki marta aylanganidan so‘ng uchish-qo‘nish yo‘lagi yaqinida qulab tushgan va yonib ketgan.

Bortda jami 67 kishi, jumladan 62 nafar yo‘lovchi va 5 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Halokat oqibatida 38 kishi halok bo‘lgan, 29 kishi, shu jumladan ikki nafar ekipaj a’zosi omon qolgan.

Avariya ortidan samolyotning saqlanib qolgan dum qismi, kili va balandlik rulida ko‘plab teshiklar aniqlangan. Omon qolgan yo‘lovchilar Grozniy osmonida bo‘lgan paytda portlash ovozlarini eshitganliklarini bildirgan. Mutaxassislar shikastlanishlar xarakteri havo hujumidan mudofaa vositalarining zarba beruvchi elementlari ta’sirini ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlagan.

Ozarbayjon rasmiylari va aviakompaniya halokatga tashqi jismoniy va texnik ta’sir sabab bo‘lganini bildirgan. Baku manbalariga ko‘ra, samolyot uchuvchisiz uchish apparatlari faolligi paytida “yer–havo” turidagi raketa bilan zararlangan, aloqa tizimlari esa radioelektron kurash vositalari orqali ishdan chiqarilgan bo‘lishi mumkin.

Halokatdan bir necha kun o‘tib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevdan uzr so‘ragan. U fojia Rossiya havo hududida Ukraina dronlari hujumini qaytarish jarayoni fonida sodir bo‘lganini aytgan. 

Ilhom Aliyev esa samolyot korpusidagi shikastlar va yo‘lovchilarning jarohatlari tashqi ta’sir bo‘lganini tasdiqlashini bildirgan. U Rossiyadan mas’uliyatni tan olish, aybdorlarni jazolash va jabrlanganlarga kompensatsiya to‘lashni talab qilgan. 

2025 yil oktyabr oyida Vladimir Putin samolyot yaqinida Ukraina Qurolli kuchlarining dronlari Rossiya havo hududiga bostirib kirgan paytda ikki dona rossiyalik raketa portlaganini tan olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ozarbayjon Jayhun Bayramov Azerbaijan Airlines

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing