AQSHning jangovar vertolyoti Hormuz bo‘g‘ozida qulab tushdi
Olam
−
09 iyun 3856 2 daqiqa
AQSH armiyasining AH-64 Apache jangovar vertolyoti Hormuz bo‘g‘ozi hududida halokatga uchradi. Bu haqda “The New York Times” nashri xabar berdi.
Manbalardan birining aytishicha, vertolyot Eron kuchlari tomonidan urib tushirilganmi yoki texnik nosozlik sabab qulaganmi, hozircha aniq emas. Hodisa yuzasidan tergov olib borilmoqda. Ekipaj a’zolari esa omon qolgan.
AH-64 Apache AQSH va NATO davlatlarining asosiy zarba beruvchi vertolyotlaridan biri hisoblanadi. U zirhli texnikalarni yo‘q qilish, havo hujumidan mudofaa tizimlarini bostirish hamda quruqlikdagi qo‘shinlarni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan. Vertolyot 30 millimetrli avtomatik to‘p, yuqori aniqlikdagi raketalar va kuchli zirh bilan jihozlangan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Apache vertolyotlari, MQ-9 Reaper dronlari hamda F/A-18 va F-35 qiruvchi samolyotlari AQSHning Eronning Hormuz bo‘g‘ozini yopib qo‘yishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan harbiy amaliyotlarida faol qo‘llanmoqda.
Nashrning yozishicha, halokat 8 iyun kuni sodir bo‘lgan va bu mojaro boshlanganidan buyon AQSHning ilk yo‘qotilgan Apache vertolyoti hisoblanadi.
Avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan kelishuvga yaqin ikki hafta ichida erishilishi mumkinligini aytgan edi. Uning ta’kidlashicha, Vashington mojaro bo‘yicha “to‘liq g‘alaba”ni e’lon qilishni kutmoqda.
AQSH Kongressi tadqiqot xizmati may oyida e’lon qilgan hisobotda Eron bilan bog‘liq harbiy amaliyotlar davomida AQSH jami 42 ta harbiy uchish apparati — samolyotlar, vertolyotlar va dronlarni yo‘qotgani ma’lum qilingan edi.
Pentagon esa aprel oyi oxirida Eron bilan bog‘liq harbiy operatsiyalar uchun 25 milliard dollar sarflanganini, mablag‘ning katta qismi o‘q-dorilar xaridiga yo‘naltirilganini bildirgan.
Live
Barchasi