AQSHning 22 ta shtati Trampni sudga berdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Trampning tug‘ilganlik huquqi asosida fuqarolik berishni cheklash haqidagi farmoniga qarshi 22 shtat sudga murojaat qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Joriy yilning 20 yanvar kuni respublikachi Prezident yangi farmon imzolab, unga ko‘ra federal idoralarga AQSH fuqarolariga odatda beriladigan hujjatlarni berishni taqiqladi. Bu choralar ushbu qaror kuchga kirganidan keyin 30 kun ichida tug‘ilgan bolalarga nisbatan qo‘llanadi.

Bundan tashqari, ushbu cheklov ota-onasi AQSHda noqonuniy ravishda yashayotgan bolalarga ham tegishli bo‘ladi. Yangi choralarga ko‘ra, bu holatlar vaqtincha AQSHda bo‘lib turgan onaga (masalan, vizasi bilan) va otasi mamlakat fuqarosi bo‘lmagan bolalarga taalluqli bo‘ladi.

Farmon Demokratlar partiyasiga mansub shtatlar tomonidan sudga berildi. Bu shtatlar orasida Vashington, Oregon, Arizona, Illinoys, Nyu-York, Kaliforniya, Kolorado, Konnektikut, Delaver, Gavayi, Men, Merilend, Massachusets, Michigan, Minnesota, Nevada, Nyu-Jersi, Nyu-Meksiko, Shimoliy Karolina, Rod-Aylend, Vermont va Viskonsin bor.

Da’vogarlarning ta’kidlashicha, Prezidentning bu qarori AQSH Konstitutsiyasining 1868 yilda ratifikatsiya qilingan va 100 yildan ortiq vaqt davomida Amerika sudlari tomonidan izohlangan 14-tuzatmasiga zid. Shu paytgacha tug‘ilganlik bo‘yicha fuqarolik olishning yagona istisnosi AQSHda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy diplomatlarning farzandlari bo‘lib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp AQSHda tug‘ilganlik huquqi asosida fuqarolik olishni cheklovchi farmonni imzolagani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

sud Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing