AQSHga borgan Serbiya Prezidentining tobi qochib qoldi
Olam
−
03 may 6233 1 daqiqa
Kecha, 2 may kuni Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich AQSHning Florida shtatiga qilgan tashrifi chog‘ida kutilmaganda o‘zini yomon his qilib, safarini muddatidan oldin to‘xtatishga qaror qildi. Shifokorlar bilan maslahatlashganidan so‘ng u AQSHdagi barcha rejalashtirilgan uchrashuvlarini bekor qilib, Belgradga qaytib ketdi. Bu haqda RTS telekanali xabar berdi.
Prezident vataniga qaytgan paytda uni Sog‘liqni saqlash vaziri Zlatibor Lonchar va shifokor kutib olgan. Vuchichning matbuot xizmati yaqin orada davlat rahbarining sog‘lig‘i haqida jamoatchilikka ma’lumot berishini bildirgan.
RTS'ning xabar berishicha, Vuchich amerikalik mavqedoshi Donald Tramp va Respublikachilar partiyasining boshqa yuqori lavozimli a’zolari bilan uchrashishni rejalashtirgan bo‘lgan. Prezident AQSHdagi serbiyalik tadbirkorlar, Kongress a’zosi Klaudiya Tenni va Nyu-Yorkning sobiq meri Rudi Giuliani bilan uchrashishga ulgurgan.
AQSHning Ichki xavfsizlik departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Vuchichning ahvoli tushlikdan keyin keskin yomonlashgan. Siyosatchi shifokorlar bilan maslahatlashib, uyga qaytishga qaror qilgan.
“Politika” gazetasining aniqlik kiritishicha, safar davomida Vuchich bilan birga Moliya vaziri Sinisha Mali va ommaviy axborot vositalari bo‘yicha maslahatchisi Syuzana Vasilevich ham bo‘lgan.
Live
Barchasi