AQSHdan tortib BMTgacha... Dunyo urushsiz niyatiga yetgan Putinning qaroriga nima demoqda?
Olam
−
22 fevral 2022
27762Avval xabar berganimizdek, kecha, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin rossiyaliklarga qariyb bir soat davom etgan murojaatidan so‘ng Donetsk va Lugansk xalq respublikalari (DXR va LXR) mustaqilligini tan olish to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi. Tan olish to‘g‘risidagi farmonlar, shuningdek, DXR va LXR bilan do‘stlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi shartnomalar jonli efirda imzolandi.
Endilikda bugun, 22 fevral kuni tushdan keyin Davlat Dumasi hujjatlarni ratifikatsiya qilishi, keyinroq esa ratifikatsiya haqidagi qonun loyihasi Federatsiya Kengashi tomonidan tasdiqlanishi kutilmoqda. Bu jarayonda kutilmagan holat bo‘lishi dargumon, hammasi Putin xohlaganidek bo‘ladi.
Aksariyat xorijiy yetakchilar Putinning DXR va LXRni tan olish qaroriga keskin salbiy munosabatda bo‘lmoqda.
AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatda Rossiyaning DXR va LXRni tan olish qarorini qat’iy qoraladi. Amerika rahbari allaqachon DXR va LXRda savdo va investitsiyalarga qarshi sanksiyalar, shuningdek, Donbass respublikalari bilan aloqador shaxslarning mulkini blokirovka qilish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan. Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga hujum qilgan taqdirda joriy etish uchun tayyorlangan chora-tadbirlar paketi hali faollashtirilmadi.
Kanada ham Rossiyaning o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donbass respublikalarini tan olganini qat’iy qoraladi va sanksiyalar joriy etish niyatida.
“Kanada o‘z hamkorlari va ittifoqchilari bilan birgalikda xalqaro huquqni ochiqdan-ochiq mensimaslikka qat’iy javob qaytaradi. Biz ushbu harakatlar uchun Rossiyaning Ukrainaga har qanday harbiy aralashuviga javoban tayyorlanganidan alohida iqtisodiy sanksiyalar qo‘llashga tayyorlanyapmiz”, degan Kanadaning Tashqi ishlar vazir Melani Joli.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Rossiyaning Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olishini “achinarli alomat” va “xalqaro huquqning ochiqdan-ochiq buzilishi” deb atadi.
“Bu Ukraina suvereniteti va yaxlitligini qo‘pol ravishda buzishdir”, degan Britaniya Bosh vaziri.
Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, Putinning qarori Minsk kelishuvlari va jarayonini amalga oshirib bo‘lmaydigan qilib qo‘ydi.
Bugun, 22 fevral kuni London DXR va LXRning tan olinishiga javoban Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni e’lon qilishi kutilmoqda. Britaniya OAVlarining yozishicha, hozircha gap Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan tayyorlangan qat’iy chora-tadbirlar to‘plami haqida ketayotgani yo‘q.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Rossiyaning DXR va LXRni tan olishini qoraladi va “maqsadli Yevropa sanksiyalari”ni joriy etishga chaqirdi. Shuningdek, u BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig‘ilishini o‘tkazish tarafdori ekanligini aytdi. Parijga ko‘ra, LXR/DXRning tan olinishi “Rossiya tomonidan xalqaro majburiyatlarni va Ukraina suverenitetini buzish” bo‘ldi.
Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Burbok Rossiyaning o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donbass respublikalarini tan olishini Ukraina suverenitetini buzish, “xalqaro huquqni qo‘pol ravishda buzish” va “muammoni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlarga og‘ir zarba” deb atadi. U Rossiya Federatsiyasini tan olish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilishga chaqirib, Germaniya va xalqaro hamkorlar “xalqaro huquqning bu buzilishiga munosabat bildirishlari” haqida ogohlantirdi.
Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy Rossiya Federatsiyasi Prezidentining DXR va LXR mustaqilligi haqidagi qarorini “Ukrainaga qarshi tajovuzkorlik harakati”, “muloqotni yakuniy rad etish va xalqaro huquqni qo‘pol ravishda buzish” deb atadi. U Yevropa Kengashi yig‘ilishini o‘tkazish va “zudlik bilan sanksiyalar” bilan javob berishga chaqirdi.
Moldova prezidenti Mayya Sandu Rossiyaning Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini tan olganini qoraladi.
“Bu ochiq-oydin xalqaro huquqqa ziddir. Moldova Ukrainaning xalqaro tan olingan chegaralari doirasidagi suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashga qat’iy sodiq qoladi”, deb yozdi Sandu Twitter’da.
Finlyandiya ham bu harakatni qoraladi. “Finlyandiya Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzuvchi bir tomonlama harakatni qoralaydi. Ukraina sharqidagi separatistik hududlarning tan olinishi Minsk kelishuvlarini jiddiy buzishdir”, deydi Prezident Sauli Niinistyo bayonotida. Unga ko‘ra, Finlyandiya YeIning “jamoaviy javobi”ga qo‘shiladi.
Ruminiya Prezidenti Klaus Yoxannis DXR/LXRning tan olinishiga ushbu tvit orqali munosabat bildirdi:
“Ruminiya Rossiyaning Ukrainaning Donets va Lugansk viloyatlarini mustaqil deb tan olganini keskin qoralaydi. Bu xalqaro huquqning ochiqdan-ochiq buzilishi bo‘lib, xalqaro hamjamiyatning eng qattiq reaksiyasiga sabab bo‘lishi kerak. Biz Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini qattiq qo‘llab-quvvatlaymiz”.
Gruziya Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaydi va LXR va DXRni tan olish qarorini qoralaydi, degan Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili.
“Gruziya Rossiyaning Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlarini “tan olishini” keskin qoralaydi, bu bizning hududimizning 20 foizini bosib olishiga olib kelgan ssenariyning takrorlanishidir”, deb yozdi Zurabishvili Twitter’dagi sahifasida.
O‘zi tan olinmagan davlatlar bo‘lgan Janubiy Osetiya va Abxaziya Rossiyaning DXR va LXR bo‘yicha qarorini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Janubiy Osetiya rahbari Anatoliy Bibilov Moskvaning Donetsk va Lugansk xalq respublikalari suverenitetini tan olishini “kutilgan, asosli va haqli qaror” deb atadi. Abxaziya rahbari Aslan Bjaniyaning aytishicha, Putinning qarori “odil, geosiyosiy voqelikni adekvat baholashga asoslangan hamda zamonaviy chaqiriq va tahdidlarga mos keladi”.
Xalqaro tashkilotlar va ittifoqlar ham Rossiyaning DXR va LXR suverenitetini tan olishini qoraladi.
Yevropa Ittifoqi DXR va LXRning tan olinishini xalqaro huquqning buzilishi deb hisoblaydi va unga qattiq va qat’iy javob berish niyatida.
“Ukrainadagi ikki separatistik hududning tan olinishi xalqaro huquqni, Ukraina hududiy yaxlitligini va Minsk kelishuvlarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi”, deb yozdi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Twitter’da.
Xuddi shu matnni Yevropa Kengashi rahbari Charlz Mishel kecha, 21 fevral kuni Twitter’da e’lon qildi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiyaning DXR va LXRni tan olish qaroridan xavotir bildirdi.
“Bosh kotib Rossiyaning qarorini Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini buzish deb hisoblaydi”, degan BMT Bosh kotibi vakili Stefan Dyujarrik. Uning so‘zlariga ko‘ra, Guterrish bu harakat “BMT Nizomi tamoyillariga zid” ekanini ko‘rsatdi.
U Ukraina atrofidagi vaziyatni Minsk kelishuvlariga muvofiq tinch yo‘l bilan tartibga solishga chaqirdi va “vaziyatga aloqador barcha tomonlar jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasini himoya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarga e’tibor qaratishlari kerak”, deb ta’kidladi.
YeXHTning amaldagi raisi va Polsha Tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau Putinning qarorini qoralab, Rossiya Federatsiyasini Ukrainaga harbiy bosqindan tiyilishga chaqirdi.
“Prezident Putinning qaroriga kelsak, biz Ukrainaning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari doirasidagi hududiy yaxlitligini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashimizni bildiramiz. Biz Rossiya Federatsiyasini ushbu ayanchli qarorni amalga oshirish uchun har qanday harbiy aralashuvdan tiyilishga va uzoq muddatli xalqaro munosabatlarga ta’sirini ko‘rib chiqishga chaqiramiz”, degan Rau.
YeXHTning Ukraina va Uch tomonlama aloqa guruhi bo‘yicha maxsus vakili, elchi Mikko Kinnunen “bugungi qaror yangi jangovar harakatlar va qon to‘kilishiga olib kelmasligi” muhimligini ta’kidladi. U Uch tomonlama aloqa guruhi formatida tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga hali ham tayyor ekanini qo‘shimcha qilib, “diplomatiya va muzokaralar muqobil yo‘q” ekanini ta’kidladi.
Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi Prezidenti Tini Koks Rossiyani DXR va LXRni tan olish qarorini bekor qilishga va kelishmovchiliklarni muloqot orqali hal qilishga chaqirdi.
“Yevropa Kengashi Bosh kotibi Mariya Peychinovich-Burichning Rossiya Federatsiyasi tomonidan Donetsk va Lugansk viloyatlarining “xalq respublikalari” deb ataluvchi hududlarni tan olishi xalqaro huquqning va Donbassdagi mojaroni hal qilish uchun yagona asos bo‘lib qoladigan Minsk kelishuvlarining bir tomonlama buzilishi hisoblanadi, degan bayonotiga qo‘shilaman”, deyiladi bayonotda.
Koks, shuningdek, Assambleyaga ushbu masalani shoshilinch ravishda, shu jumladan 11 mart kuni Berlindagi Doimiy qo‘mitada ko‘rib chiqishni taklif qilish niyatini e’lon qildi.
NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiya Federatsiyasining DXR va LXRni tan olish qarorini qoraladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday qaror “Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga putur yetkazadi, mojaroni hal qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarni yo‘q qiladi va Minsk kelishuvlarini buzadi”. Stoltenberg Rossiyani “diplomatiya yo‘lini tanlashga” va “xalqaro majburiyatlariga muvofiq Ukrainadan qo‘shinlarini olib chiqib ketishga” chaqirdi.
Ma’lumot uchun, Putin DXR va LXRni tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzolashi bilan Rossiya fond birjalari bunga aks sado berdi. Mamlakat iqtisodiyotini tutib turadigan davlat kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi.
LiveBarchasi