AQSHdagi o‘zbekistonlik talabalar soni rekord darajaga yetdi
Bu qiziq
−
16 noyabr 2023
7322AQSHda ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni ming nafardan oshdi va shu vaqtga qadar qayd etilgan ko‘rsatkichlardan yuqorilab, rekord darajaga yetdi. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.
Bildirilishicha, ushbu ko‘rsatkich kecha, 15 noyabr kuni e’lon qilingan Xalqaro ta’lim almashinuvi bo‘yicha 2023 yilgi “Ochiq eshiklar” (Open Doors) hisobotida keltirilgan. Unga ko‘ra, bu miqdor o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 72,6 foizga ortgan.
Jumladan, 2021-2022 o‘quv yilida 631 nafar o‘zbekistonlik talaba AQSH oliy ta’lim muassasalarida tahsil olgan. 2022-2023 o‘quv yiliga kelib esa, u yerda o‘qiyotgan o‘zbekistonliklar soni 1 ming 89 nafarni tashkil etgan.
Bularning aksariyati yoki 57,2 foizi bakalavriat bosqichiga qabul qilingan, 29,9 foizi magistratura bosqichida o‘qigan, 7,9 foizi fakultativ amaliy mashg‘ulotlarda qatnashgan, 5 foizi esa ingliz tili yoki boshqa qisqa muddatli ta’lim dasturlariga o‘qishga kirgan.
“O‘tgan o‘quv yilida Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi xalqaro talabalar soni milliondan oshib, o‘tgan yilga nisbatan 14 foizga o‘sgan va yangi yuqori ko‘rsatkich – 1 million 57 ming 188 talabani tashkil etgan”, deyiladi hisobotda.
Ma’lumot uchun, “Ochiq eshiklar 2023” dasturi Xalqaro ta’lim instituti va AQSH Davlat departamentining Ta’lim va madaniyat masalalari byurosi tomonidan tuzilgan.
LiveBarchasi