AQSHdagi musobaqada o‘zbekistonlik harbiylar rekord o‘rnatdi

Jamiyat 22532
image

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari kichik serjantlar Abdurasul Tuyg‘unov va Abdumalik Abdurahmonov joriy yilning 17-24 mart kunlari AQSHning Missisipi shtati, Camp Shelby harbiy o‘quv bazasida bo‘lib o‘tgan “Eng ilg‘or jangchi-2022” musobaqasida ishtirok etdi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, musobaqada o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar AQSH Milliy gvardiyasining Maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilari bilan kuch sinashgan. 

Musobaqa davomida harbiy xizmatchilar yakka tarkibda jismoniy tayyorgarlik sinovlari (6 ta mashqni o‘z ichiga olgan Fitnes test), jismoniy va ruhiy zo‘riqish yo‘lagidan o‘tish, tunda 15 kilometr masofaga mo‘ljal olish, 15 kilo yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish, jangovar va umumiy tayyorgarlik bo‘yicha test sinovlari, insho yozish (harbiy hamkorlik mavzusida 500 tadan kam bo‘lmagan so‘z), artilleriya olovini boshqarish, AQSH namunasidagi o‘qotar qurollarni noto‘liq qismlarga yoyish, yig‘ish va jangovar holatga keltirish, shuningdek, ulardan turli usul va sharoitlarda o‘q otish, kutilmagan (syurpriz) mashqlar kabi shartlarni muvaffaqiyatli bajargan. 

Harbiy xizmatchilar musobaqa davomida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha 20 dan ortiq shartlarni o‘zida jamlagan sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, 3 marotaba rekord natija qayd etgan. 

Mazkur musobaqada o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar 2019 va 2021-yillarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘olib bo‘lishgan edi.

Diyora Abdurahmonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 1387
Reyting: 3.1
t
×