AQSHda Yangi yil kechasida terakt uyushtirishni rejalashtirganlar hibsga olindi
Olam
−
14:40 923 2 daqiqa
AQSHning Kaliforniya shtatidagi Los-Anjeles shahrida ekstremal chap radikal guruhning to‘rt a’zosi hibsga olindi. Bu haqda “Fox News” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Adliya vazirligi va Federal tergov byurosining birgalikdagi faol olib borgan tadbirlari natijasida Los-Anjelesda bo‘lg‘usi terrorning oldi olingan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, chap radikal guruh a’zolari yangi yil kechasida bir nechta portlashlar uyushtirishni rejalashtirgan.
AQSH Adliya vaziri Pamela Bondi, shuningdek, guruhning ehtimoliy maqsadlari orasida AQSH Immigratsiya va bojxona xizmatlari (ICE) agentlari ham bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
“Biz bunday terrorchi guruhlarni aniqlash va ularni javobgarlikka tortishni davom ettiramiz,” deydi Bondi.
Los-Anjeles prokuraturasining vakili Bill Essaylining aytishicha, hibsga olingan to‘rt kishi 19 dekabr kuni San-Bernardino cho‘l hududida portlovchi qurilmalarni sinovdan o‘tkazishni maqsad qilgan.
Gumondorlar yangi yil kechasida bir nechta AQSH kompaniyalarini portlatish bo‘yicha “batafsil va muvofiqlashtirilgan rejani” ishlab chiqqan va qurilmalarni yarim tunda ishga tushirishni rejalashtirgan. U aniq kompaniyalarni nomlamagan, ammo “Amazon kabi logistika markazi” nazarda tutilgani ta’kidlangan.
Matbuot anjumanida Essayli razvedka samolyoti yordamida olingan videoni namoyish qilgan. Unda gumondorlar cho‘lda to‘planib, portlovchi qurilmalarni sinovdan o‘tkazayotgani ko‘rinadi.
Eslatib ўтамиз, avvalroq Rossiyada terakt uyushtirmoqchi bo‘lgan guruh qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi